TAEKVONDO. Rossiya poytaxti Moskva shahrida taekvondo WTF bo‘yichaGran-pri musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Unda Akmal Ergashev murabbiyligidagi ikki hamyurtimiz – Maksim Rafalovich va Umida Abdullayeva ishtirok etdi.

Maksim musobaqaning bronza medaliga sazovor bo‘ldi va 1000 AQSH dollari miqdoridagi mukofot puli bilan taqdirlandi.

***

BOKS. Tailandning Bangkok shahrida o‘tkazilgan professional boks kechasida Ulug‘bek Sobirov zafar quchdi.

Ulug‘bek mezbon bokschi Teravat Yoxangoxga qarshi ringga ko‘tarildi va ikkinchi raundda raqibini nokautga uchratib, mag‘lubiyatsiz seriyalarini yettitaga yetkazib oldi.

Eslatib o‘tamiz, bokschilarimizdan Shahram G‘iyosov navbatdagi jangini 17 avgust kuni AQSHning Kaliforniya shtatida ganalik Albert Mensaga qarshi o‘tkazadi. Murodjon Ahmadaliyev esa 23 avgust kuni AQSHning Los-Anjeles shahrida chililik Ramon Kontrerasga qarshi ringga ko‘tariladi.

***

TЕNNIS. O‘zbekistonning ikkinchi raqamli tennischisi Jo‘rabek Karimov Minskdagi musobaqaning final bosqichida britaniyalik Jonatan Greyga qarshi o‘yin o‘tkazdi.

Hal qiluvchi bahsda Jo‘rabek raqibini 6:4, 6:4 hisobida mag‘lub etdi va turnir g‘olibiga aylandi.

***

Farg‘onada Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan o‘smirlar o‘rtasida tashkil etilgan tennis turniri o‘z nihoyasiga yetdi.

O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahslarda kanadalik Gleb Bleker, qizlar o‘rtasida esa rossiyalik Mariya Tkacheva g‘alaba qozondi.

 

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA