2.JPG

Vatanimiz mustaqilligining 26-yilligi keng nishonlanayotgan shu kunlarda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning barhayot siymosi yod etilmoqda. 2017-yil 31-avgust kuni poytaxtimizda mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimovning ulug‘vor haykali ochilgan edi. Shunday marosim 2-sentabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu tadbirda ishtirok etish uchun Samarqandga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari dastlab Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Qur’on tilovat qilindi.

Samarqand ramzi bo‘lgan Registon maydoni yonidagi xiyobonda, Islom Karimov tug‘ilib o‘sgan xonadon yaqinida Birinchi Prezidentimizga haykal o‘rnatilgan. Bu yerga hukumat a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, viloyat faollari, nuroniylar, yoshlar jam bo‘ldi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

Islom Karimov mamlakatimiz mustaqilligi va yangi davlatchiligining asoschisi, buyuk siyosatchi, dono islohotchi, tinchlikparvar va xalqparvar davlat rahbari sifatida xalqimiz orasida, butun dunyoda katta hurmat qozongan edi.

Birinchi Prezidentimizga xos bo‘lgan bukilmas iroda, vatanparvarlik, mardlik va adolatparvarlik, samimiylik va mehribonlik kabi olijanob fazilatlar barcha uchun yorqin ibrat namunasi bo‘lib qoldi.

Islom Karimov O‘zbekiston manfaatini hamma narsadan ustun qo‘yar, uning taraqqiyoti uchun jonini ham ayamasdi.

Shavkat Mirziyoyev va Birinchi Prezidentimizning turmush o‘rtog‘i Tatyana Karimova Islom Karimov haykalini ochdi. Buyuk Yo‘lboshchimiz haykali poyiga gul qo‘yib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 25-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Islom Karimov siymosini yaratish bo‘yicha xalqaro ijodiy tanlovda g‘olib deb topilgan haykallarni mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahrida, Islom Karimov tug‘ilib o‘sgan Samarqand shahrida va u kishi birinchi rahbar bo‘lib ishlagan Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida o‘rnatish belgilangan edi.

Samarqand shahrida ochilgan haykal elu yurtimizning Islom Karimovga yuksak hurmati va mehr-muhabbatining yana bir ifodasi bo‘ldi.

Marosimda “Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi H.Normurodov, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari bosh muharriri F.Toshev, Samarqand shahridagi 43-ixtisoslashgan maktab direktori Ye.Kompolshik, O‘zbekiston xalq shoiri S.Sayyid, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori D.Olimova, Birinchi Prezidentimizning turmush o‘rtog‘i Tatyana Karimova Islom Karimov bilan bog‘liq xotiralarini yodga oldi. Buyuk Yo‘lboshchimizning turli sinov va qiyinchiliklarni mardonavor yengib o‘tgani, mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylash, turmush sharoitini yanada yaxshilash yo‘lida tinimsiz mehnat qilganini ta’kidladi.

Birinchi Prezidentimiz haykali poyi gullarga burkandi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov tug‘ilib o‘sgan xonadonga tashrif buyurdi. Qur’on tilovat qilinib, elga ehson dasturxoni yozildi.

 

Anvar Samadov, G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA