Adliya vazirligi “Advokatlik tuzilmalari tomonidan statistik ma’lumotlarni taqdim qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Unga ko‘ra, faoliyat yuritayotgan advokatlik tuzilmalari tomonidan statistik ma’lumotlar har bir hisobot davri uchun taqdim etiladi.

Advokatlik tuzilmalari tomonidan taqdim etiladigan  statistik hisobotda advokatlarga oid ma’lumotlar (uning yoshi, jinsi, staji, ilmiy darajasi), advokatlik tuzilmasining xodimlari, ko‘rsatilgan yuridik yordam turlariga oid ma’lumot (tergovga qadar tekshiruvda, surishtiruvda, dastlabki tergovda  ko‘rsatilgan yuridik yordam)lar, yuridik yordam olgan shaxslar haqida ma’lumot, tuzilgan bitim (shartnoma)lar, rasmiylashtirilgan orderlar soni ko‘rsatiladi.

Advokatlik tuzilmalari tomonidan statistik ma’lumotlarni taqdim qilish tartibiga ko‘ra, advokatlik tuzilmasi rahbari tomonidan statistik ma’lumotlar “Yuridik yordam” axborot  tizimi orqali advokatlik tuzilmasi joylashgan joydagi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmasiga birinchi hisobot davri uchun 10 iyul sanasiga qadar, ikkinchi hisobot davri uchun kelgusi yilning 10 yanvar sanasiga qadar taqdim etiladi.

Advokat advokatlik tuzilmasidan chiqqan taqdirda, uning advokatlik tuzilmasidan chiqquniga qadar amalga oshirilgan faoliyatiga oid statistik ma’lumotlar taqdim etishi kerak.

Statistik ma’lumotlar to‘liq kiritilgandan so‘ng advokatlik tuzilmasi rahbarining elektron raqamli imzosi bilan  tasdiqlanadi va Advokatlar palatasining tegishli hududiy boshqarmasiga yuboriladi.

Advokatlar palatasi hududiy boshqarmasi tomonidan  statistik ma’lumotlar umumlashtiriladi va har bir hisobot davri yakunlangandan so‘ng kelgusi oyning o‘n beshinchi sanasidan kechiktirmay Advokatlar palatasiga yuboriladi.

Advokatlar palatasi tomonidan umumlashtirilgan yakuniy statistik ma’lumotlar har bir hisobot davri yakunlangandan so‘ng kelgusi oyning yigirmanchi sanasidan kechiktirmay Adliya vazirligiga taqdim etiladi.

Statistik ma’lumotlar Adliya vazirligi tomonidan tizimga barchaning foydalanishi uchun ochiq holda joylashtiriladi.

N.Abduraimova,  

O‘zA