Pochta jo‘natmasidan qadimiy tangalar aniqlandi

Rossiya Federatsiyasidan yuborilgan pochta jo‘natmasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazganda, jo‘natmada deklaratsiyada ko‘rsatilmagan 99 dona zanglagan qadimiy tangalar borligi aniqlandi.
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 23-martdagi “O‘zbekiston Respublikasidan madaniy boyliklarni olib chiqish va olib kirishni tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra, numizmatika ashyolari, ya’ni tarixiy tangalar ham madaniy boyliklarga taalluqli ashyolar toifasiga kiritilgan.
Ushbu hujjatga ko‘ra, xorijiy fuqarolar va boshqa shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga olib kiriladigan madaniy boyliklar tegishli bojxona hujjatlarida ko‘rsatilishi kerak.
Yaqinda mazkur tartiblarga rioya qilmasdan turib, tarixiy ahamiyatga ega tangalarni pochta jo‘natmalari orqali respublikamizga olib kirishga bo‘lgan urinishlar fosh qilindi.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari Rossiya Federatsiyasidan poytaxtimizda istiqomat qiluvchi fuqaro nomiga yuborilgan pochta jo‘natmasini bojxona ko‘rigidan o‘tkazganda, jo‘natmada deklaratsiyada ko‘rsatilmagan 99 dona zanglagan qadimiy tangalar borligi aniqlandi.
Ushbu holat bo‘yicha qonuniy chora ko‘riladi.

 

O‘zA