Qarzdorligi bo‘lmagan iste’molchilar rag‘batlantirildi

Toshkent viloyati Chirchiq shahrida kommunal to‘lovlardan qarzdorligi bo‘lmagan fuqarolarni rag‘batlantirishga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
photo5424944458702629282.jpg
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda MIB mas’ullari, jamoat tashkilotlari vakillari va mahalla faollari ishtirok etdi.
Aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini oshirish iste’molchilarning to‘lov va iste’mol madaniyatiga, ya’ni to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lashiga bog‘liq ekani ta’kidlandi. Bu borada kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida muntazam to‘lab kelayotgan fuqarolarni rag‘batlantirish bo‘yicha “Qarzdorligi bo‘lmagan namunali mahalla” va “Kommunal to‘lovlardan muntazam qarzdor bo‘lmagan namunali xonadon” tanlovi tashkil etilgani qayd etildi.
– 46 yildan buyon Chirchiq shahrida yashayman, – deydi fuqaro Galina Vevshina. – Mana shu yillar mobaynida kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab keldim. Ochig‘i, buning uchun rag‘batlantirishlarini kutmagandim. Bundan juda xursandman.
Tadbirda Galina Vevshina singari shaharning bir guruh namunali iste’molchilari rag‘batlantirildi. Ularga MIB viloyat boshqarmasining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.

 

Avazbek Xudoyqulov, O‘zA