Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanidagi qadimiy Mizdaxkon arxeologik majmuasi katta maydondagi uchta tepalikda joylashgan. Majmua Gaur qal’a, Jumard qassob, Shamun nabi, Mazlumxon suluv, Redjeb Xalifa kabi tarixiy maqbaralarni o‘z ichiga olgan.
Bu yerda arxeolog olimlar tomonidan olib borilgan qazish va ilmiy izlanishlar paytida ko‘plab noyob ashyolar, eski tangalar, avvalgi asrlarga tegishli qurilish, hunarmandchilik va uy-ro‘zg‘or buyumlari topilgan.
Majmuadagi har bir yodgorlik o‘z tarixiga ega. Xalq og‘zaki va yozma adabiyotlarda ular haqida turli afsona va rivoyatlar bor.
Mazlumxon suluv maqbarasi XII-XIV asrlarga tegishli bo‘lib, yarim yer osti me’moriy obidalaridan hisoblanadi. Yerning tashqi qismida peshtoq va gumbaz joylashgan. Yodgorlikning asosiy qismi va markaziy binolari esa pastki qavatda bo‘lib, unga zinapoyali yo‘lak orqali borish mumkin. Maqbaraning markaziy zali kvadrat shaklida qurilgan. Uning sakkiz burchak gumbaz bilan yopilgan uchta chuqur va bitta uncha chuqur bo‘lmagan tuynuklari bor.
Ushbu maqbaraga oid afsona mavjud: Mahalliy hukmdorlardan biri kimki g‘ayrioddiy narsa yaratib, dunyoni lol qoldirsa, unga o‘z qizini berishga qaror qiladi. Uning qiziga oshiqlardan biri yerosti bino qurib, uning gumbazini yerning sirtida qoldiradi. Shunda hukmdor haligi yigitdan bitmagan gumbazdan o‘zini pastga tashlab, muhabbatini isbotlashini so‘raydi. Yigit o‘zini tashlaydi…
Maqbaradagi ikkita qabr Mazlum va uning sevgilisiga bag‘ishlangan. Mazkur maqbara 2017-2018 yillarda qayta ta’mirlangan.
Shamun Nabiy maqbarasi esa XIII-XIV asrlarga tegishli. Yodgorlik maqbara va tilovatxona qismlaridan tashkil topgan. Afsonaga ko‘ra, Shamun Nabiy mohir sehrgar bo‘lgan. U juda ko‘p insonlarga yordam bergan, ehtimol shu sababli hanuz ziyoratga keluvchilar g‘ishtlarni terib xayolan niyatlarini unga yo‘llaydi.
Jumard qassob yodgorligi haqida ham afsona mavjud. Unga ko‘ra, bu yerda qachonlardir Jumard ismli boy yashagan. U qassob bo‘lib, hosil barakasiz bo‘lgan yillar atrofdagilarga bepul barra go‘sht ulashgan. Shu bilan birga Jumard chorvadorlar homiysi ham bo‘lgan.
Balandlikning g‘arbiy tomonida majmuaning yana bir qiziq qismi, ya’ni XI-XIV asrlarga tegishli Redjeb Xalifa yodgorligi mavjud. Bir paytlar muhtasham imorat hisoblangan bino juda eskirgan. Devorlari xom g‘ishtdan ko‘tarilgan bo‘lib, ustidan pishgan g‘isht qoplangan. Peshtoq qulagan yerning pastki qatlamlaridan qachonlardir binoni bezashda xizmat qilgan XIII-XIV asrlarga tegishli rangli koshinlarning qoldiqlari topilgan.
Inshootni ikki qismga ajratuvchi ichki xonalardan chiqish yo‘liga qarab, olimlar bu bino ham o‘g‘il bolalar, ham qizlar o‘qigan masjid-madrasa sifatida xizmat qilganini taxmin qiladi. Biroq, XIV asrda ichki ko‘mish binosi paydo bo‘lgach, inshoot maqbara maqomiga ega bo‘lgan. Bu vaqtda binoning g‘arb tomonidan oldiga ziyoratchilar uchun xonalar qurilgan. Hozirda bu yodgorlikda ta’mirlash ishlari amalga oshirilyapti.
Gauir qal’a miloddan avvalgi IV-III asrlarga tegishli Mizdaxkon kompleksining janubiy-g‘arbidagi tepalikda joylashgan tarixiy yodgorlik. Bu antik qal’a Zoroastrizm davriga oid. Tarix fanlari doktori V. Yagodin fikriga ko‘ra, Mizdakxonda eng dastlabki aholi manzilgohi miloddan oldingi IV-III asrlarda, ya’ni o‘tmishimizning Qangyuy davri, deb ataladigan paytlarida Gauir qal’a hududida vujudga kelgan.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA