Joriy yilning 27 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarga bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy jarayonlar haqida yoshlarga keng tushunchalar berish yuzasidan joylarda targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Jumladan, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Saylov qonunchiligi va amaliyoti” mavzusida uchrashuv o‘tkazildi.

Unda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti kafedra mudiri A.Jumanov va boshqalar so‘zga chiqib, saylovda ishtirok etish har bir fuqaroning Konstitutsiyaviy huquqiy burchi ekanligi, saylov jarayonlarida siyosiy partiyalarning ishtiroki haqida tushunchalar berildi.

Talaba yoshlarga saylov huquqi, ovoz berish tartibi, ayni kunlarda olib borilayotgan saylovga tayyorgarlik jarayonlari haqida atroflicha ma’lumot berilib, saylovlar ochiqlik va oshkoralik tamoyillariga asoslangan holda olib borilishi ta’kidlandi.

Saylov yoshlarning o‘z saylov huquqini amalga oshirishi va davlat boshqaruvida ishtirok etishi uchun qulay imkoniyat ekanligi qayd etildi. So‘z olganlar barchani vatanimiz kelajagi, xalqimizning ertangi taqdiri uchun saylovda faol ishtirok etishga chaqirdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.