FUTBOL: “Navbahor” stadioni bu gal ham boshqalarga o‘rnak bo‘ldi

Shanba va yakshanba kunlari mamlakat milliy chempionati Pepsi Superligasining 19-tur doirasida bir nechta o‘yinlar o‘tkazildi. Turning markaziy uchrashuvi sifatida “Navbahor” va “Paxtakor” jamoalari o‘rtasidagi bahs kuzatildi.

Stadionlarga tomoshabinlar tashrifi bo‘yicha Respublikada oldingi o‘rinlarda turadigan “Navbahor” stadioni bu gal ham boshqalarga o‘rnak bo‘ldi. O‘z sevimli jamoasining chempionat peshqadamiga qarshi kurashini yigirma mingdan ortiq namanganlik muxlis qo‘llab-quvvatlab turdi. Va aynan shu omil mezbonlarning kuchli raqib ustidan g‘alabasini ta’minlagan bo‘lsa ne ajab.

Yaqinda Rossiyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida ishlagan Navaf Shukralla boshchiligidagi bahraynlik hakamlar boshqargan uchrashuvda har ikkala tomon faollik ko‘rsatishdi. Xavfli vaziyatlar ikkala tomondan ham ko‘p bora takrorlandi, faqat ulardan foydalanish bir bor mezbonlarga nasib etdi. Mavsumning birinchi davrasini “Nasaf”da o‘tkazgan Igor Golbanning 52-daqiqada kiritgan goli uchrashuv taqdirini hal etdi. Bu bilan “Paxtakor”ning turnir jadvalidagi mavqeiga ta’sir bo‘lmadi, lekin “Navbahor” bir kunga bo‘lsada uchinchi o‘ringa ko‘tarilib olishga muyassar bo‘ldi.

Igor Golbanning ayni paytda”Nasaf”da qadri bilinyapti. Agar “Nasaf”dagi moliyaviy muammolar bosh ko‘tarmaganida Golban Qarshini tark etmagan, “Nasaf” esa bunchalik qiyin ahvolga tushib qolmagan bo‘lishi turgan gap edi. Beshta turda arang bitta g‘alabani ta’minlagan qarshiliklar o‘z maydonida olmaliqliklarga bitta emas, ikkita to‘p farqiga imkoniyatni boy berib qo‘yishdi. Muzaffar Muzaffarov va Zohir Pirimovlar jamoadoshlari joniga oro bo‘lishdi.

“Neftchi” har doimgidek ochko yo‘qotish seriyasini davom ettirdi. Islombek Isoqjonovning yagona goli “Metallurg”ga uch ochko keltirdi.

“NAVBAHOR” — “PAXTAKOR” – 1:0

Gol: Igor Golban (52).

“MЕTALLURG” — “NЕFTCHI” – 1:0

Gol: Islombek Isoqjonov (70).

“NASAF“ – AGMK – 0:2

Gollar: Muzaffar Muzaffarov (49), Zohir Pirimov (62).

Tur o‘yinlari 29 iyul kuni yana davom etdi. Unda quyidagi natijalar qayd etildi:

Pepsi Superliga. 19-tur.

29 iyul (yakshanba)

“Qo‘qon-1912” — “So‘g‘diyona”2:1

“Qizilqum” – “Buxoro” 0:1

Lokomotiv-Bunyodkor 3:1