1 300 ga yaqin oilani, 2800 nafar o‘g‘il-qizni jalb etgan musobaqa yakunlandi

Nukusda “Mahallamiz stol tennischilari” musobaqasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limlari va boshqa tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan musobaqada 30 yoshgacha bo‘lgan er-xotin, 11 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlardan iborat jamoalar ishtirok etdi.

Mamlakatimizda stol tennisini yanada kengroq targ‘ib qilish, yoshlarni sport musobaqalariga ommaviy jalb qilish, o‘quvchilarning darsdan tashqari bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish maqsadida tashkil etilgan musobaqaning mahallalararo hamda shahar, tumanlar bosqichlarida 1 300 ga yaqin oila, 2800 o‘g‘il-qiz ishtirok etdi.

Musobaqa yakuniga ko‘ra, oilalar o‘rtasida 1-o‘rinni Qonliko‘l tumanidan Allabayevlar, 2-o‘rinni Qorao‘zaklik tumanidan Yeshmuratovlar, 3-o‘rinni esa Kegeyli tumanidan Begmashovlar oilalari egalladi.

G‘oliblar 11-14 yosh oralig‘idagi o‘g‘il va qiz bolalar bo‘yicha ham aniqlandi va tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

 

Yesimxon Qanoatov, O‘zA