Xitoy Taypeyida U20 yosh toifasida futbol bo‘yicha Osiyo kubogi saralash bosqichi o‘tkazilmoqda. Unda Farhod Nishonov boshchiligidagi O‘zbekiston U20 terma jamoasi ham ishtirok etmoqda.

Terma jamoamiz mazkur saralash bosqichida “B” guruhidan o‘rin egallagan bo‘lib, ilk o‘yinda Kambodjani 7:0, Nepalni 6:0 hisobida taslim qilgan edi. Shu tariqa, futbolchilarimiz “B” guruhida bitta o‘yin kam o‘tkazgan bo‘lsada, 6 ochko bilan gollar nisbatiga ko‘ra birinchi pog‘onani egallab turibdi.

Shuningdek, Kambodja 3 ta o‘yinda 6 ochko jamg‘arib, ikkinchi o‘rinda borayotgan bo‘lsa, Bahrayn va Nepal 3 ochko bilan 3-4-pog‘onada bormoqda. Musobaqa mezbonlari hisoblangan Xitoy Taypeyi ikki o‘yinda mag‘lub bo‘lib, so‘nggi pog‘onada qolmoqda.

Bugun, 27 sentyabr kuni O‘zbekiston U20 terma jamoasi Xitoy Taypeyi bilan bahslashadi. Nepal esa Bahrayn bilan o‘ynaydi. Kambodja yoshlar termasi esa dam oladi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA