Mamlakatimizda futzal bo‘yicha bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionatining 1/8 finali doirasidagi Portugaliya va Qozog‘iston terma jamoalari uchrashuvida qozog‘istonlik futzalchilarning qo‘li baland keldi.

Andijon shahridagi Universal sport majmuasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv birinchi taymining dastlabki daqiqalari teng kurashlar ostida o‘tdi. Har ikki jamoa hujumlar uyushtirib, raqiblari darvozasi oldida xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirdi. O‘yinning 5-daqiqasida portugallar golli vaziyatdan unumli foydalana olmadi.

O‘yinning 11- daqiqasiga kelib, Qozog‘iston terma jamoasining 10-raqamli o‘yinchisi Chingiz Yesenamanov kuchli zarba bilan gol kiritib, jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi.

Shundan so‘ng portugallarning ketma-ket xavfli hujumlari bartaraf etildi. Birinchi taymning so‘nggi daqiqalarida qozog‘istonlik futzalchilar ancha faol o‘yin ko‘rsatdi, xavfli hujumlar tashkil etildi.

O‘yinning birinchi taymi Qozog‘iston termasi foydasiga 1:0 hisobida yakunlandi.

Uchrashuvning ikkinchi taymi portugaliyalik futzalchilarning xavfli hujumlari bilan boshlandi. Natijada taymning dastlabki daqiqasidayoq qozog‘iston darvozasi ishg‘ol etildi. Portugaliya terma jamoasining 6-raqamli o‘yinchisi Te Ziki gol kiritib,  hisobni tenglashtirdi.

Shundan so‘ng portugallarning hujumlari yanada kuchaydi. Lekin xavfli vaziyatlar yuzaga keltira olishmadi. Qozog‘istonlik futzalchilar himoyada tartibli o‘yin ko‘rsatdi.

Taymning o‘rtalariga kelib, Qozog‘iston termasi ham hujumlar tashkil etib, raqiblar darvozasi oldida qator xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirdi. O‘yin asosan, teng kurashlar ostida o‘tdi.

O‘yin dramatik tarzda yakun topdi. Uchrashuv yakunlanishiga 14 soniya qolganida Qozog‘iston terma jamoasining 12-raqamli o‘yinchisi Dauren Tursagulov chiroyli tarzda gol kiritib, Qozog‘istonni hisobda oldinga olib chiqdi.

Shunday qilib, Qozog‘iston termasi kuchli raqib Portugaliyani 2:1 hisobda mag‘lubiyatga uchratib, 1/4 finalga yo‘llanma oldi.

Keyingi bosqichda qozog‘istonlik futzalchilar 1/8 final doirasida ertaga bo‘lib o‘tadigan Argentina Xorvatiya o‘yini g‘olibi bilan kuch sinashadi.

F. Ubaydullayev,

Z. Umrzoqov (foto),

O‘zA muxbirlari