Shu kunlarda Hindiston Savdo-sanoat palatalari Federatsiyasi boshchiligidagi ishbilarmon doira vakillaridan iborat delegatsiya O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.

Tashrif doirasida qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, logistika, ta’lim, qurilish hamda turizm sohalarida ish yurituvchi 150 ga yaqin ikki davlat vakillari ishtirokida biznes forumi hamda V2V formatdagi ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etildi.

Nukus shahridagi “Oq qush” majmuasida bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov, Hindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Smita Pant, Hindiston Savdo-sanoat palatalari Federatsiyasi bosh maslahatchisi Manab Majumdar mamlakatlarimiz o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlik aloqalarini har tomonlama rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor, tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoitlar, shuningdek, mazkur anjumanning mazmun-mohiyatiga to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan katta e’tibor natijasida qo‘shni davlatlar bilan aloqalar bugungi kunda misli ko‘rilmagan darajaga chiqdi. O‘zbekiston mahalliy korxonalar uchun ham, chet el kompaniyalari uchun ham katta bozorga aylandi. Shu jumladan, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi tovar aylanmasi 2023 yil holatiga ko‘ra, 691,5 million dollarni tashkil etdi. Shundan, ushbu davlatga amalga oshirilgan eksport hajmi 36,5 million dollar, import hajmi 655,1 million dollardan iborat.

Tadbir davomida ishtirokchilarga Qoraqalpog‘istonning bugungi kundagi turizm salohiyati, Prezidentimiz rahbarligida ushbu sohani rivojlantirishda yaratilayotgan imkoniyatlar, yo‘lga qo‘yilayotgan yangi turizm yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi. O‘zbekiston turistik manzil sifatida hindistonliklarda borgan sari katta qiziqish uyg‘otayotgani ta’kidlanib, kelajakda Qoraqalpog‘iston bilan turizm, kinoindustriya, moda va hunarmandchilik sohalarida hamkorlik qilish taklifi bildirildi.

Forumda qoraqalpog‘istonlik bir qator turistik tashkilot vakillari yurtimizda tadbirkorlar uchun yaratilayotgan qulayliklar va imkoniyatlar haqida so‘zlab, hindistonlik tadbirkorlarni ushbu yo‘nalishida hamkorlik qilishga chaqirdi.

– Biz kelajakda turli jabhalarda, shu jumladan, IT sohasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga kelishib oldik, – deydi Hindistonning yetakchi Marco Polo Ventures tashkiloti rahbari  Sachdev Ramakrishna. – Orolbo‘yida turizmni rivojlantirish bo‘yicha katta imkoniyatlar mavjud ekanligining guvohi bo‘ldik. Bunda mazkur forum muhim ahamiyat kasb etadi.

Mehmonlar “Nukus SSP texnopark”, “Karakalpak Basalt wool” sanoat zonalarida, “Nukuselektroapparat”, “Orient technology” korxonalarida, jahonga ma’lum I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyida hamda Nukus shahrining diqqatga sazovor joylarida bo‘ldi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.