O‘qituvchining ijtimoiy mavqeini oshirisho‘quvchi kamolotining bosh omilidir

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 iyul kuni umumiy o‘rta ta’lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Unda Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, Prezidentning Davlat maslahatchilari, sohaning mas’ul vazirlik va idoralari rahbarlari ishtirok etdi.

Keyingi yillarda ta’lim sohasining barcha bosqichlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish bo‘yicha qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 30 sentyabrdagi qaroriga muvofiq, Xalq ta’limi vazirligining boshqaruv tizimi takomillashtirildi, asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari belgilab berildi. Yaqinda vazirlik rahbariyatida o‘zgarishlar amalga oshirilib, o‘quv-tarbiya jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, o‘qituvchilarning ijtimoiy mavqeini yuksaltirish orqali ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha ko‘plab vazifalar qo‘yildi.

Yig‘ilishda ushbu ko‘rsatmalar asosida ishlab chiqilgan xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha chora-tadbirlar taqdimoti o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbari umumiy o‘rta ta’lim tizimi inson resurslarini rivojlantirishning poydevori, maktablar yoshlarda bilim, dunyoqarash va ma’naviyat asoslarini shakllantiruvchi asosiy maskan ekanini ta’kidladi.

Bugun mamlakatimizdagi 9,7 ming maktabda 5,2 million o‘quvchi ta’lim oladi, o‘quv-tarbiya va boshqaruv jarayonida 450 mingdan ziyod xodim mehnat qiladi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, keyingi yillarda kollej va litseylarga ko‘proq e’tibor qaratilib, umumta’lim maktablarini zamon talablariga moslashtirish, ularni yaxlit tizimga birlashtirish masalasi chetda qoldi. Ushbu tizimga byudjet mablag‘lari oxirgi navbatda ajratib kelindi, xalq ta’limi xodimlari o‘z vazifasidan tashqari boshqa ishlarga muntazam jalb qilindi. Oqibatda ta’lim sifati pasayib ketdi.

O‘qituvchilar bolalar bilan ishlash o‘rniga, ota-onalardan pul yig‘ish, turli tekshiruvchi komissiyalarni “rozi qilish” bilan ovora bo‘lib qoldi. Bu esa, davomat tushib ketishi, o‘quvchilarning qarovsiz qolishi, tarbiyasi buzilishi va ayrim hollarda turli zararli oqimlarga qo‘shilishi holatlarini keltirib chiqardi.

Hozir zamonning o‘zi “inson kapitali”ga sarmoya kiritishni ko‘paytirishni taqozo etmoqda. Negaki, bugun sarmoyador ilgarigidek arzon ish kuchi bor joyga pul tikayotgani yo‘q. Sababi, shiddatli ilmiy-texnik taraqqiyot malakasiz ishchiga ehtiyojni keskin kamaytirib yubormoqda.

Shu munosabat bilan Xalq ta’limi vazirligi rahbariyatiga ushbu tizimda to‘planib qolgan muammolarni hal etish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqish vazifasi topshirildi.

Davlatimiz rahbari masalaning ko‘lami va ta’lim tizimining o‘ziga xosligidan kelib chiqib, avvalo, o‘qituvchining ijtimoiy mavqeini oshirish zarurligini ta’kidladi. Misol uchun, Janubiy Koreya, Yaponiya, Germaniya, Kanada kabi davlatlarda o‘qituvchining maoshi mamlakatdagi o‘rtacha oylikdan 1,5 barobar ko‘p. Mamlakatimizda esa o‘qituvchining maoshi o‘rtacha oylikning atigi 79 foizini tashkil etadi.

Shuningdek, o‘qituvchilarning mavqeini oshirish uchun ularni begona ishlarga jalb qilishni, faoliyatini tekshirishni cheklash kerak. Buning uchun o‘qituvchining haq-huquqini himoya qiladigan maxsus huquqiy xizmatni shakllantirish, ijtimoiy roliklar yaratib, ularning obro‘sini oshirish zarur.

Ayni paytda umumta’lim maktablari direktorlari va ularning o‘rinbosarlariga qo‘yiladigan talabni qayta ko‘rib chiqish lozim. Ya’ni, haqiqiy boshqaruvchi (menejerlik) qobiliyatiga ega bo‘lgan kadrlarni direktorlikka tayinlash, ma’naviy-ma’rifiy va o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlar mas’uliyatini keskin oshirish, sertifikatsiya tizimini joriy etish maqsadga muvofiqdir. Bu maktablarda ichki jamoaviy nazorat tizimini yaxshilashga xizmat qiladi. Namunaviy maktablarni ko‘paytirish uchun ularning reytingini ishlab chiqish mumkin bo‘ladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev xalq ta’limi tizimida moliyalashtirish qoniqarsiz ahvolda ekanini yana bir bor ta’kidlab, o‘tgan yili sohaga ajratilgan byudjet mablag‘larining yalpi ichki mahsulotdagi hissasi 4,1 foizdan 3,8 foizga kamayganini qayd etdi. Shuning uchun Moliya vazirligi 2019 yilgi Davlat byudjetini shakllantirishda mazkur sohaning ulushini oshirishga alohida e’tibor qaratishi kerak.

Davlatimiz rahbari tizimga yuqori malakali mutaxassislar jalb qilishni, Xalq ta’limi vazirligi huzurida ularni rag‘batlantirish maqsadida alohida jamg‘arma tashkil etishni taklif qildi.

Yana bir muammo maktablarni qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha bir necha davlat dasturi qabul qilinib, amalga oshirilganiga qaramay, ularning 60 foizi ta’mirtalab ahvolda qolayotganidir. Asosiy sabab esa qurilish-ta’mirlash ishlariga “nopok” pudratchilar jalb etilayotganida. Shu munosabat bilan tegishli mutasaddilarga xalq ta’limi tizimida maxsus injiniring kompaniyasi tashkil etish bo‘yicha taklif berish topshirildi.

Shavkat Mirziyoyev umumiy o‘rta ta’lim sifatini yangi bosqichga ko‘tarish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Bunda davlat ta’lim standartlari va o‘quv rejalarini o‘quvchining har bir sinfda qaysi ko‘nikmalarga ega bo‘lishni inobatga olgan holda, qayta ko‘rib chiqish kerak. Oliy va maktabgacha ta’lim tizimlari bilan uzviylikni ta’minlashga ham e’tibor berish lozim.

Shu bilan birga, eng zamonaviy uslublar asosida darsliklar yaratish va chop etish, maktablarda texnologiya, muhandislik fanlari, matematika, san’at, chet tillari yo‘nalishlarini kuchaytirish, ularga taalluqli laboratoriyalarni qayta jihozlash kerak bo‘ladi. Bu o‘quvchilarda ko‘proq mustaqil ta’lim olish ko‘nikmasini shakllantirishga yordam beradi.

Prezidentimiz ta’lim tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish lozimligini ta’kidladi. Xususan, o‘quv jarayonini samarali boshqarish tizimini yo‘lga qo‘yish uchun o‘quvchilar, ota-onalar, o‘qituvchilar va maktablar bo‘yicha ma’lumotlar bazalarini yaratish, ularni markazlashtirish kerak. O‘quvchilarni birinchi sinfga qabul qilish, maktabdan maktabga ko‘chirish va boshqa xizmatlarni elektron shaklga o‘tkazish faqat qulaylik yaratadi. Elektron shakldagi faoliyatga o‘tilsa, o‘qituvchilar soatlab hujjat to‘ldirishi, qog‘ozbozlik bilan shug‘ullanishiga hojat qolmaydi. Ma’lumotlar bazasi o‘quvchilarni identifikatsiyalash, sog‘liqni saqlash, huquq-tartibot va boshqa tizimlar bilan bog‘lash imkonini beradi.

Buning uchun maktablarni internet tarmog‘i bilan qamrashni kengaytirish talab etiladi. Hozirgi kunda bu boradagi ko‘rsatkich, afsuski, atigi 7 foiz bo‘lib turibdi. Shundan kelib chiqqan holda, Xalq ta’limi vazirligi rahbariyatiga tegishli qaror loyihasini tayyorlash, bunda tizimni boshqarish bo‘yicha barcha darajadagi tashkiliy tuzilmalarni qayta ko‘rib chiqish vazifasi yuklandi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar umumiy o‘rta ta’lim sohasida islohotlarni jadallashtirish, ta’lim sifatini keskin yaxshilash, o‘qituvchilar obro‘sini oshirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, o‘quv-tarbiyaviy va boshqaruv jarayonlarini takomillashtirish, rahbar xodimlarning ishga munosabatini tubdan o‘zgartirish mazkur sohada mutlaqo yangi tizim shakllanishiga xizmat qilishini ta’kidladi.

Darhaqiqat, o‘quvchi maktabni barkamol, mustaqil hayotga tayyor inson bo‘lib bitirishi o‘qituvchining faoliyatiga bevosita bog‘liq. Shunday ekan, avvalo, o‘qituvchining ijtimoiy mavqeini yuksaltirish ana shu ezgu orzu-umidlarimizga erishishning muhim asosidir.

 

O‘zA