U uyga qaytmoqda!

Bir diyor bor. Uning sarhadlaridan Temza daryosi oqib o‘tadi. Uilyam Shekspir, Daniyel Defo kabi yozuvchilar kamol topgan zamin hisoblanadi u joy.
Shuningdek, bu maskanning sport olamiga qo‘shgan hissasi beqiyos. Futbol deb atalgan sport turini kashf qilib, uni dunyoga taqdim etdi. So‘ng jahon chempionati tashkil etildi. Yildan-yilga mazkur sport turi va musobaqaning dovrug‘i ortsa otmoqdaki, aslo kamaygani yo‘q. Ular bashariyatga futbolni jentelmenlik qonun-qoidalari asosida o‘ynash, raqibga hurmat bajo keltirish, tushunarsiz oliyjanoblik madaniyatini olib kirishdi. Bo‘yinbog‘ taqmasada, futbolchilari ham allaqanday tarbiyali, ilmli kishilarga o‘xshab ketadi.
England-Team-1966-Fifa-World-Cup-wearandcheer.com_.jpg
Ha, ular so‘nggi bor 1966 yilda jahon chempioni bo‘lgan. Bunga ham yarim asrdan oshibdi. Eng katta yutug‘i shu. Boshqa unvonlarni himoya qilish qo‘llaridan kelmadi. Tarkibida jahonning manaman degan yulduzlari to‘p surgan bo‘lsa ham hamisha o‘rtamiyonalikdan nariga o‘tolmagan.
bb9f18d6528c363122d38d4284e2efa3.jpg
Bu shunaqa jamoa! Har gal mundial oldidan g‘oliblik uchun kurashadi deyiladi. Lekin avvalgi jahon chempionatida Argentinadan uchralgan mag‘lubiyat qasosini olish ular uchun muhim bo‘lsa, boshqasida o‘zi kabi kuchli Braziliya qarshisida dovdirab, oq bayroqni ko‘taradi.
Mundiallarda ishtirok etgan futbolchilariga bir nazar tashlab ko‘ring! Charlton, Lineker… va hokazo. Futbolni san’at deb biladigan Bekxem, bolalikdan kamol topgan klubiga sadoqat timsollari Lempard va Jerrard, juda yosh payti “Oltin to‘p” olgan “tilla bola” Maykl Ouen, afsonaviy hujumchi deb qaralsada, jahon birinchiligida atigi bitta to‘p kiritgan Ueyn Runi… Ularda doimiy kuchli tarkib bo‘lsada, negadir o‘rtamiyonalik girdobidan chiqib keta olmagan.
RTXOQNS-1170x658.jpg
Buni sababi nima? Javobi bitta: futbolni ularning vatani ixtiro qilgani uchun boshqalarga qaraganda o‘zlarini bir bosh baland ko‘rishadi! Dimog‘dorlikda gap ko‘p! Ularga g‘oliblik ruhi yetishmaydi. So‘nggi mundiallarga o‘zlarini ana shu sport turining asoschisi, yaratuvchisi ekanligini jahonga ko‘z-ko‘z qilgandek, mag‘rurlik bilan tashrif buyurishadi. Ular uchun g‘oliblikdan ko‘ra “Futbol Angliyada o‘ylab topilgan!” degan jumla muhim.
Bu – Angliya! Inglizlar yuqoridagi fikrdan qachon voz kechsalar, ana o‘shandagina jahon chempionligini yana bir bor qo‘lga kiritishadi. “Avval qo‘lga kiritilganku”, demang. Ellik ikki yil muqaddam o‘tkazilgan musobaqa finalida yon hakam Tofiq Bahromovning xatosi bo‘lmaganda ehtimol inglizlar uchun shu birgina chempionlik martabasi ham bo‘lmasdi.
JS156824042.jpg
Ammo bugungi Angliya… Boshqa mavzu. Inglizlar o‘lkasida haqiqiy bayramona ruh hukm surib yuribdi. Terma jamoa o‘ynayotgan pallada ko‘chalarda odam siyraklashgan, avtoulovlar harakati kamaygan. Do‘konlarda, jamoat joylarida, inglizlarning har bir harakatida mundial g‘olibligining shukuhi kezmoqda. Aqlimni tanib, shu paytga qadar kuzatgan mundiallarim orasida bironta terma jamoaning jahon chempionligi uchun bu qadar kuyib-pishib mehnat qilayotganini, aholisining oddiy kundalik turmushi ham o‘sha kubok bo‘lib qolganini ko‘rmadim.
Bugun Angliya uzoq yillik tanaffusdan so‘ng mundial bahslarining yarim finalida o‘ynaydi. Raqib ham anoyi emas. O‘zi kabi futbolni aql bilan o‘ynaydigan, libosi ham shunga monand shaxmat taxtasi uslubida. Darvoqe, xorvatlar inglizlar uchun noqulay raqib hisoblanadi. Yulduzli tarkibga ega 2007 yildagi Angliyani ular uchun muqaddas sanalgan “Uembli”da “Yevro-2008”dan mahrum qilgan ham mana shu xorvatlar bo‘ladi. Inglizlarning mash’um oqshomdan qolgan alohida hisob-kitoblari bor. Bejizga jamoa sardori Harri Keyn o‘yin avvalida “Angliya – bu oila!” deb ta’kidlamadi. Terma jamoa a’zolarining bir jonu bir tan bo‘lib harakat qilishlari bugungi o‘yinda katta ahamiyat kasb etadi.
c0d77807-3ee6-4f60-98b7-04a158db9c15.jpeg
Inglizlar bir qadam bosishsa bas… Final ularni kutib turibdi. Finalda esa tarixan qarama-qarshilikda yashagan, noqulaylikda Xorvatiyadan ham murakkabroq raqib – Fransiya kutib turibdi.
Maqola avvalida sarlavhaga to‘xtalib o‘tishni lozim topdim. Internetni titkilab, “England of World cup-2018” deb yozing. Ko‘z oldingizda terma jamoaning mundialdagi o‘yinlari bilan bir qatorda “It is coming home” , ya’ni “U uyiga qaytmoqda!” deb ta’riflarni ko‘tarib yurgan angliyalik muxlislar chiqib keladi. Chindan ham oltin kubok 1966 yildan so‘ng futbol deb atalgan mo‘jizakor sport turini bashariyatga in’om etgan zaminga qaytadimi? Yoki bu tashrif muddati keyinga qoldiriladimi? Buni vaqt ko‘rsatadi?
Ko‘ramiz… kuzatamiz…
U uyiga qaytadimi?

 

Sherzod MAHMUDOV, “Yoshlar ovozi” gazetasi muxbiri