Joriy yilda hududiy korxonalarda 164 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi, o‘sish 8,6 foizni tashkil qildi.

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan  videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Xususan, 87 ta tumanda hududiy sanoat o‘sishi respublika ko‘rsatkichidan yuqori bo‘ldi. Lekin ayrim tumanlarda sanoat pasaygani, ba’zilarida deyarli o‘smagani ko‘rsatib o‘tildi.

To‘liq quvvatda ishlamayotgan 295 ta korxona faoliyati tiklanib, ishlab chiqarish hajmi 390 milliard so‘mga ko‘paydi.

Viloyat hokimlari va mutasaddilarga yana 2 mingdan ortiq korxona muammosini hal qilib, yil yakunigacha ishlab chiqarish hajmlarini tiklash vazifasi qo‘yildi.

Umuman, barcha vazirliklar va viloyat hokimliklarida Barqaror rivojlanish markazlarini tashkil qilish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, tannarxni kamaytirish, istiqbolli bozorlarga yo‘l ochish, hududlarda tadbirkorlar masalasini tez va shaffof hal qilishda 7 ta iqtisodiy tadqiqot markazi va oliygohlar imkoniyatlaridan foydalanish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

O‘zA