Prezident raisligida muhandislik kadrlarini tayyorlash tizimidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, “tarmoq – korxona – oliygoh” zanjiri asosida har bir oliygohga sanoat hamkori belgilab beriladi.

Barcha muhandislik oliygohlari hamkor korxonalarida kafedralar ochadi va dual ta’limni yo‘lga qo‘yadi.

Bunda korxonalar kafedralarni jihozlash, o‘qituvchi va talabalarni rag‘batlantirishga har yili mablag‘ berishga tayyor.

Talabalarning amaliyoti va bitiruv kursdagi ta’limi to‘liq hamkor korxonalarda tashkil qilinadi.

Shuningdek, tarmoq vazirlik va korxonalar tizimida 32 ta tarmoq kengashlari tashkil qilinadi. Ular oliygohlar bilan texnika sohalaridagi ilmiy tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi va buyurtmachi bo‘ladi.

Birinchi bosqichda 10 ta oliygohda “Oliy muhandislik maktablari” ochiladi. Ushbu maktablarda ikki yillik amaliy magistratura dasturlari yo‘lga qo‘yilib, ishlab chiqaruvchilar buyurtmasi asosida nomzodlar saralab olinadi.

Birinchi yilda talabalar korxonalar buyurtmasi asosida yangi mahsulotlarni loyihalashtiradi, ilmiy izlanishlar o‘tkazadi, bu borada chuqurlashgan modul dasturlar asosida o‘qitiladi.

Ikkinchi yilda yangi mahsulotlar bo‘yicha tajriba-konstruktorlik namunalarini yaratish bilan bog‘liq texnologik jarayonlarni korxonalarda sinovdan o‘tkazadi.

Korxonalar “Oliy muhandislik maktabi”da laboratoriya ochish va jihozlash uchun mablag‘ yo‘naltirsa, bu xarajatlar korxonaning foyda solig‘i bazasidan chegirib tashlanadi.

Davlat ham byudjetdan shuncha mablag‘ ajratadi.

O‘zA