Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida O‘zbek tili izohli lug‘atining veb-sayti va uning mobil ilovasi – izohli.uz hamda “Zamonaviy tilshunoslik terminlarining izohli lug‘ati”, “O‘zbek tilida defektologiya terminlari lug‘ati”ning taqdimoti o‘tkazildi.

Ta’kidlash kerakki, ushbu elektron resurs hamda izohli lug‘atlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 20 oktyabrdagi  “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida yaratilgan.

Tadbir avvalida so‘zga chiqqan Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari N.Xolbo‘tayev bugungi kunda mamlakatimizda davlat tilida ish yuritishni yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Shundan so‘ng izohli.uz veb-sayti va uning mobil ilovasi taqdimoti boshlandi.

“Izohli.uz” mobil ilovasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi hamda “Isystem partners” MCHJ tomonidan jamg‘arma mablag‘i hisobidan yaratilgan. Ushbu mobil ilovada O‘zbek tilining izohli lug‘atiga kiritilgan 80 mingdan ortiq so‘z va so‘z birikmalari joy olgan.

Keyingi taqdimot filologiya fanlari doktori, professor Durdona Xudoyberganova boshchiligida tuzilgan “Zamonaviy tilshunoslik terminlarining izohli lug‘ati”ga bag‘ishlandi.

Ta’kidlandiki, lug‘atni yaratishda taniqli o‘zbek tilshunoslarining asarlaridan, xorijiy ilmiy adabiyotlar, turli lingvistik terminlarning izohli lug‘atlaridagi ma’lumotlardan foydalanilgan. Foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida lug‘at so‘ngida kognitiv tilshunoslik, pragmalingvistika, lingvomadaniyatshunoslik, sotsiolingvistika kabi lingvistik sohalar va yo‘nalishlarning guruhlashtirilgan tarzdagi ko‘rsatkichi ilova qilingan.

Navbatdagi taqdimot filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Zahro Urunova boshchiligida tuzilgan “O‘zbek tilida defektologiya terminlari lug‘ati”ga bag‘ishlandi. Ushbu lug‘at bugungi kunda juda ham zaruriy lug‘at ekani alohida ta’kidlanib, lug‘atning yaratilishidan nashr ettirilishigacha bo‘lgan bosqichi haqida so‘zlab berildi.

Tadbir ishtirokchilari mobil ilova va lug‘atlarga oid barcha savollarga javob oldi.

 

O‘zA