Mamlakatimizda «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida suv resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash, suv tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish va sohani raqamlashtirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Suv xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar va kompleks tadbirlarni o‘z ichiga olgan O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi qabul qilindi.

Davlatimiz rahbarining 2024-yil 5-yanvardagi qarori bilan suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish hamda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini kengaytirilgan tartibda joriy etish bo‘yicha muhim vazifalar o‘rin olgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida deputatlar tomonidan irrigatsiya-melioratsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish hamda suv resurslarini boshqarishni raqamlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan suv xo‘jaligi vaziri Sh.Hamroyevning axboroti eshitildi.

– 2023-yilda 190 ta irrigatsiya va melioratsiya obyektida qurilish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilib, belgilangan vazifalar to‘liq bajarilgan, – dedi vazir. – Xususan, irrigatsiya yo‘nalishida 392,9 km. kanal, 57,7 km. lotok, 19 ta gidrotexnika inshooti, 4,6 km. bosimli quvurlar, 2 ta ko‘prik va 60 ta sug‘orish quduqlarini qurish va rekonstruksiya qilish hamda 9,1 km. suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarida qirg‘oq himoya ishlari qilingan. Shuningdek, melioratsiya yo‘nalishida 230,3 km. ochiq, 156 km. yopiq kollektor-drenaj tarmoqlari, 6 ta vertikal drenaj qudug‘i, 59 ta gidrotexnik inshoot, 58 ta kuzatuv quduqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilgan.

Ushbu tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida irrigatsiya va melioratsiya obyektlarining texnik holati yaxshilanib, 207,6 ming gektar maydonning suv ta’minoti va 105,7 ming gektar sug‘oriladigan yer maydonining meliorativ holati yaxshilanishiga erishilgan.

Bundan tashqari, irrigatsiya tizimini raqamli texnologiyalar asosida avtomatlashtirilgan boshqaruvga o‘tkazish maqsadida 2023-yilda 7 ming 339 ta «Aqlli suv», 2 ming 578 ta «Dayver» va 271 ta nasos qurilmalari o‘rnatilib, 21 ta yirik suv xo‘jaligi obyektining boshqaruv jarayonlari avtomatlashtirilgan. Bu borada suv iste’molchilari kesimida suvning hisobi va hisobotini yuritish, shuningdek, ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirish uchun esa mo‘ljallangan «Suv hisobi» axborot tizimi yaratilgan.

Vazirlik tomonidan 2024-yilda 215 ta obyektda 1 880 mlrd. so‘mlik qurilish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilishi belgilangan. Bundan tashqari, vazirlik huzuridagi Suv xo‘jaligida xorijiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish markazining buyurtmasi bo‘yicha hamda Xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi 3 ta loyiha uchun 385,8 mlrd. so‘m, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ijroiya qo‘mitasining Nukus filiali buyurtmasi bo‘yicha 1 ta irrigatsiya obyekti uchun 25 mlrd. so‘m ajratilib, obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda.

Munozaralar davomida deputatlar amalga oshirilgan ishlar bilan birga, sohadagi ayrim kamchiliklar va hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar xususida to‘xtaldi. Savol va takliflar o‘rtaga tashlandi. Hududlarda suv xo‘jaligi obyektlarida o‘rnatilgan raqamli qurilmalarni masofadan boshqarish, kuzatib borish, masofadan texnik xizmatlar ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish lozimligini ta’kidladi.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA