Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va qayta tiklashga ta’sirini baholash dasturi” loyihasi doirasida bioxilma-xillikni ko‘paytirish, global atrof-muhit uchun ishlab chiqarish landshaftlarida ekotizimni saqlash va tiklash maqsadida qiymati 1,1 million dollarga teng kelishuv imzolandi.

Mazkur hujjat orqali respublika bo‘yicha tanlab olingan hududlarda sug‘oriladigan va lalmikor yer maydoni landshaftida barqaror oziq-ovqat ishlab chiqarish uchun ilg‘or va barqaror texnologiyalarni joriy etish ko‘zda tutilgan.

Marosimda ishlab chiqarish landshaftlarida ekotizimni saqlash va tiklash hamda qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash orqali global atrof-muhit yaxshilanishi kutilayotgani qayd etilgan. Qolaversa, sohada erishilgan eng yaxshi amaliyot hamda yaratilgan innovatsiyalar keng targ‘ib qilinadi.

Hukumat tomonidan vujudga kelgan extiyojni qondirish maqsadida yaroqlilik tahlili yondashuvi hamda mezonlari asosida yerdan foydalanish bo‘yicha eksklyuziv, genderga bog‘liq tavsiyalar ham beriladi. Pirovard natijada qishloq xo‘jalik ekinlaridan va yerdan foydalanishni diversifikatsiya qilishda barqaror ekotizim uchun asos yaratiladi.

 

B.XUDOYBERDIEV,

O‘zA