Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida fitosanitariya talablari yengillashtirilishiga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilindi.

— Mazkur qonun loyihasi bilan “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi qonunga fitosanitariya mahsulotlarini import qiluvchilarga yengillik berilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda, — dedi deputat Begali Qodirov. — Amaldagi tartibga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududiga o‘simliklar karantini nazoratidagi mahsulotlarni olib kirishga O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan berilgan karantin ruxsatnomasi hamda eksport qiluvchi mamlakatning vakolatli davlat organlari tomonidan beriladigan fitosanitar sertifikati yoki guvohnomasi bo‘lgan taqdirdagina ruxsat beriladi.

Ushbu hujjat taqdim etilmagan taqdirda mahsulotlar davlat chegarasida turib qolishi, ortiqcha xarajatlarning ko‘payishi importyor-tadbirkorlarimizga qiyinchilik tug‘dirmoqda. Bu kabi holatlar fitosanitariya mahsulotlarini olib kirish talablarini yanada soddalashtirish hamda milliy qonunchilikni xalqaro amaliyotga muvofiqlashtirishni taqozo etmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, mazkur qonunning 29-moddasiga tegishli o‘zgartirish kiritilmoqda. Ya’ni, o‘simliklar karantini va ularni himoya qilish bo‘yicha davlat organlariga ega bo‘lmagan yoki xorijiy mamlakatlarda fitosanitariya sertifikati (guvohnomasi) talab etilmaydigan, shuningdek, xorijiy mamlakatlardan O‘zbekiston Respublikasiga fitosanitar xavfi past bo‘lgan karantin ostidagi mahsulotlarni olib kirishga ularning har bir turkumiga alohida-alohida beriladigan karantin ruxsatnomasi mavjud bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, deputat qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida qo‘mita tomonidan dastlabki loyihadagi o‘zaro qarama-qarshiliklar bartaraf etilgani, tahririy tuzatishlar kiritilganini qayd etdi.

Muhokamalarda so‘z olgan deputatlar bir qator aniqlashtiruvchi savollarni o‘rtaga tashladi, taklif-mulohazalarini bildirdi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA