Aholi bandligini ta’minlash eng dolzarb masalalardan biridir. Bu borada yurtimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilgan “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ham ayni masalalarga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

— Ushbu qonun loyihasi bilan “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunga bir qator o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilmoqda, — dedi deputat Oltinoy Mamirova. — Xususan, ish qidirayotgan shaxslarning mehnat organlariga ortiqcha hujjatlarni taqdim etishining oldini olish, ish beruvchining bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron shaklda yuborish shartlari belgilanmoqda. Bundan tashqari, mehnat organlari tomonidan bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘llanmalar berish tartibini takomillashtirish, bandlikni rag‘batlantiruvchi subsidiyalar va ssuda ajratish mexanizmlarini tartibga solish hamda tegishli vazirlik va idoralar nomlarini aniqlashtirish nazarda tutilmoqda.

Qo‘mita yig‘ilishlarida qonun loyihasini maromiga yetkazish bo‘yicha qator taklif va tavsiyalar bildirilgan. Loyihaning mazmun-mohiyati va ahamiyatidan kelib chiqib, uning muqaddima qismiga va bir qator moddalariga tahririy tuzatishlar kiritildi.

Muhokamalar davomida deputat Zafar Xudoyberdiyev loyihaning muhimligini e’tirof etib, puxta-pishiq holga keltirish lozimligini ta’kidladi. Amaldagi qonunning 19-moddasida belgilangan subsidiyalarni taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi norma qonundan chiqarib yuborilib, havolaki norma sifatida kiritilayotgani noto‘g‘ri bo‘lishini qayd etdi, uni to‘ldirish va boyitish lozimligini bildirdi.

Ma’ruzachi deputat amaldagi qonunda faqatgina O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan ajratiladigan subsidiyani taqdim etish tartibi ochib berilgani, so‘nggi yillarda bandlikka ko‘maklashish maqsadida taqdim etilayotgan subsidiyalar turlari soni ancha ko‘paygani va ularni taqdim etish tartibi turlicha ekanidan kelib chiqib, mazkur norma qonundan chiqarilayotganini ma’lum qildi.

Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA