O‘zbekistonda xalqaro hamkorlikning sud ekspertizani takomillashtirish va rivojlantirishdagi o‘rniga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.

Konferensiyada Adliya vaziri Akbar Toshqulov kiberjinoyatchilik zamon va makon tanlamasligi, hech bir davlat fuqarosi undan to‘liq himoyalanmaganini alohida ta’kidladi. Mazkur masalaga ijobiy yechim topish maqsadida bir qator takliflarni o‘rtaga tashladi.

Xususan, raqamli dalillar bilan ishlash va kiber jinoyatlarni aniqlashga doir hamkorlikni yanada kengaytirish lozim. Ushbu sohada faoliyat yurituvchi ekspert va mutaxassislarni soha rivojlangan mamlakatlarda tizimli malaka oshirishini ta’minlash darkor. Yaratilayotgan yangi texnologiya va uslubiyotlar bilan mamlakatlarimiz ekspertiza muassasalarini doimiy ravishda ta’minlab borish maqsadga muvofiq.

Vazir sohani yanada rivojlantirish maqsadida Sud ekspertlari sohadagi yangiliklardan xabardor qiluvchi ma’lumotlar bazalarini yanada rivojlantirish lozimligini ta’kidladi.

Shuningdek, O‘zbekistonda bu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida sud ekspertiza tizimi tezkorlik bilan rivojlanib borayotgani mazkur islohotlarni amalga oshirishda xalqaro hamkorlikning alohida o‘rni borligini aytib o‘tdi.

Darhaqiqat, mazkur xalqaro konferensiyaning asosiy maqsadi ham sud-ekspertiza sohasining zamonaviy holati va muammolarini tahlil qilish, xorijiy sud ekspertiza muassasalarida mavjud ilg‘or tajribalarini mamlakatlarimizda tatbiq etish hamda uni yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish uchun muhokama maydonini yaratish hisoblanadi.

Konferensiya doirasida adliya  vaziri A.Toshqulov Sud ekspertiza xalqaro assotsiatsiyasi (IAFS) prezidenti, Bolgariyadagi  Gabrovo sud ekspertizasi tashkiloti rahbari, professor Yanko Kolev, Osiyo sud ekspertiza  tarmog‘i (AFSN) vitse-prezidenti, Malayziya Fan,  texnologiya va innovatsiyalar vazirligi qoshidagi Kimyo  departamenti rahbari Halimah binti Abdul Rahim xonim hamda Turkiya Adliya  vazirligi huzuridagi Sud tibbiyot instituti prezidenti Xizir Asliyukseklar bilan ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvlar davomida xorijiy hamkorlar tomonidan mamlakatimizda sud ekspertiza  sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar e’tirof etilib, mazkur sohani  yanada  rivojlantirishda hamkorlikka tayyorligi  ma’lum qilindi.

Mazkur uchrashuvlar davomida  Respublika sud ekspertiza  markazi sud ekspertlarini  xalqaro stajirovkalarini tashkil etish, xorijiy ekspertlar bilan  hamkorlikda tadqiqotlar olib  borilishini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib olindi.

Shuningdek, sohada yangi uslubiyotlarni ishlab chiqish  hamda  mavjudlarini yangilash, zamonaviy  texnologiyalarni joriy etish  masalalari muhokama qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA