Joriy yilning 16-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Ushbu hujjatga muvofiq, yoqilg‘i-energetika resurslarining 2024-2025-yillarda bosqichma-bosqich o‘zgaradigan yangi narxlari hamda shu yilning 1-may sanasidan e’tiboran, aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bir oylik iste’molining bazaviy me’yorlari tasdiqlandi.

«Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati bosh mutaxassisi Bahodir Qodirov elektr energiyasi va tabiiy gaz narxining tabaqalashtirilgan tarzda oshirilganini quyidagicha izohladi: 

– Hukumatimiz qaroriga asosan joriy yilning 1-may kunidan aholi va iste’molchilar uchun elektr energiyasi tarifi qayta ko‘rib chiqildi va boshqa narxlar belgilandi. 2019-yilning avgustidan buyon shu vaqtga qadar tarif masalasi ko‘rib chiqilmagan edi.

Keyingi paytda energetika tizimida uzilishlar kuzatilayotgani ham hech kimga sir emas. Buning sabablarini aytadigan bo‘lsam, shu kunga qadar ishlab turgan tizimning 45 foizi 45-50-yil avval o‘rnatilgan elektr qurilmalaridir. Bugungi kunda ular ham ma’nan, ham jismonan eskirdi. Shuning natijasida tarmoqlarda uzilishlar kuzatilmoqda va aholining o‘rinli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Nima uchun qurilmalar eskirib ketdi-yu, tarmoqlar yangilanmadi, degan savol tug‘ilishi tabiiydir. Buning sababi esa moddiy mablag‘ning yetishmagani bilan bog‘liq. Davlatimiz tomonidan xalqimizni ijtimoiy himoya qilish maqsadida energetika tizimining bir maromda ishlashini ta’minlash uchun har yili davlat byudjetidan subsidiyalar ajratiladi. 2023-yilda 14 trillion so‘m subsidiya ajratilgan. Bu yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, 12 trillion so‘m subsidiya beriladi. Lekin bu subsidiyalar tizimni tiklash, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlariga yetmaydi va qachongacha biz subsidiyada o‘tiramiz. Buning yagona yo‘li tariflarni ko‘rib chiqish edi.

Keling, bu fikrimni asoslab beray: 1 kilovatt soat elektr energiyasini ishlab chiqarish, transportirovka qilish va uni yetkazish salkam 1000 so‘mga aylanmoqda. To‘lov esa 295 so‘mni tashkil etadi. Oradagi 700 so‘m farq qolib ketyapti. Davlatdan berilgan subsidiyalar, albatta, buni to‘liq qoplamaydi. Bundan tashqari, aholi soni ko‘payib boryapti. Korxonalar o‘syapti. Yangi massivlar barpo etilyapti. Hammasiga elektr energiya zarur. Mana shu ehtiyojni qondirish maqsadida tizimni rivojlantirish va kengaytirishimiz kerak. Ya’ni, katta podstansiyalar qurishimiz va transformatorlar o‘rnatishimiz kerak. Bularga mablag‘ lozim. Mablag‘ qayerdan keladi? Tarifni o‘zgartirish bo‘yicha qabul qilingan qaror ijrosi tizim uchun qisman bo‘lsa ham zarur mablag‘larga erishishga umid uyg‘otadi.

Bilasiz, hech qanday tadbirkor o‘zi ishlab chiqargan mahsulotini tannarxidan arzonga sotmaydi. Unda tadbirkor bankrot bo‘ladi. Yaxshi hamki, bizning energetika tizimimizni saqlash uchun davlatimiz tomonidan berilayotgan subsidiyalar ko‘mak beryapti. Agar subsidiya berilmaganda edi, tizim butunlay barbod bo‘lar edi. To‘g‘ri, sohada ishlar olib borilmoqda, lekin eski ishlab turgan tizimni yangilashga umuman iloj bo‘lmadi. Shu sababli, kechroq bo‘lsa ham, tarif masalasi ko‘rib chiqildi. O‘ylaymanki, bu sal bo‘lsada, o‘zining ijobiy natijasini beradi.

Yangi ta’rifga kelsak, aholining ehtiyojmand qatlami bor. Ularni qiyin holatga solib qo‘ymaslik maqsadida tarif tabaqalashtirilgan tarzda ko‘rib chiqildi. Ya’ni, bir xonadon bir oyda 200 kilovatt soat elektr energiyasini iste’mol qilsa, 450 so‘mdan pul to‘laydi. 201 kilovatt soatdan boshlab 1000 kilovatt soatgacha bo‘lsa, 900 so‘mdan to‘laydi. Agar 10000 kilovatt soatdan oshib ketsa, 1800 so‘mdan tarif belgilandi. Albatta, tariflarning bunday o‘zgarishi tizimni rivojlantirishga va iste’molchilarga barqaror elektr energiyasini yetkazib berishga puxta zamin yaratadi.

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.