Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarning rasman e’lon qilingan soni aholining 2,6 foizini tashkil qiladi.

O‘rganishlardan ma’lum bo‘lishicha, nogiron bolalar va kattalarning 25 foizi zarur tibbiy xizmatlardan foydalana olmaydi. Shuningdek, nogironlarni qiynab kelayotgan, ularning ortiqcha sarson-sargardonchiligiga sabab bo‘layotgan muammolardan biri tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari (TMEK) tomonidan fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va nogironlikni aniqlash masalalaridir.

Xo‘sh, nogironligi bo‘lgan shaxslar duch kelayotgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning oldini olish borasida qanday amaliy ishlar qilinmoqda? 

Poytaxtda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning “Ijtimoiy himoya bo‘yicha global alyanslar – O‘zbekiston” (GASP-UZ) loyihasi bilan hamkorlikda inklyuziv jamiyat yaratish va nogironlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, nogironlikning tibbiy modelidan ijtimoiy modelga o‘tish mavzulariga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

“Inklyuziv jamiyat: nogironlikni baholashning ijtimoiy modeli va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun xizmatlar” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatidan ko‘zlangan maqsad – nogironligi bo‘lgan shaxslarni inklyuzivlik va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qilish,ularga yechim topish, shuningdek, turli manfaatdor tomonlar o‘rtasida muloqotni rag‘batlantirish uchun platforma yaratishdan iborat.

Davra suhbatida nogironlikning ijtimoiy modelida inklyuzivlik tamoyillari, barcha fuqarolar uchun teng imkoniyatlar va xizmatlardan foydalanish imkoniyatini ta’minlash, ushbu tamoyillarni amaliyotda tatbiq etish bo‘yicha aniq qadamlar muhokama qilindi.

Gibrid formatda tashkil etilgan tadbirda davlat organlari, nodavlat notijorat va xalqaro tashkilotlar vakillari, ekspertlar, faollar, imkoniyati cheklangan shaxslar ishtirok etdi.

Ijtimoiy himoya sohasidagi yetakchi xalqaro ekspert Aleksandra Posarak nogironlikning ijtimoiy modelini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi, jumladan, dolzarb muammolardan biri hisoblangan jamiyatda inklyuziv muhitni yaratish zaruriyatini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, u inklyuzivlik, tenglik va har bir inson huquqlarini hurmat qilish tamoyillariga asoslangan ijtimoiy modelni yaratish va qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda nogironlik masalalarini tushunish va yondashuvda sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Shaxsning jismoniy yoki psixologik kamchiliklarini ko‘zda tutuvchi “tibbiy model” o‘rnini asta-sekin nogironligi bo‘lgan shaxslarning yashash uchun atrof-muhit va ijtimoiy omillarning muhimligini aks ettiruvchi “ijtimoiy model” egallamoqda. Ushbu modelning O‘zbekistonda tatbiq etilishi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatning boshqa a’zolari bilan teng ravishda o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishlari uchun sharoit yaratishga yordam beradi, inklyuziv jamiyatni targ‘ib qiladi va ijtimoiy hamkorlikka olib keladi.

– Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekanligi belgilab qo‘yilgan deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi mas’ul xodimi Behzod Abduhakimov. – O‘tgan vaqt davomida aynan nogironlikni belgilash borasida 3 mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Shuni alohida qayd etishim lozimki, nogironligi bo‘lgan shaxslarni “mehnatga layoqatini belgilash” amaliyotidan voz kechib, nogironlikni kasallikka qarab emas, balki shaxsning mustaqil harakati, o‘z-o‘ziga xizmat qilishi, muloqot qobiliyati va ijtimoiy hayotdagi ishtirokiga qarab belgilash amaliyoti sinov tariqasida joriy yilning 1-iyulidan boshlab bosqichma-bosqich joriy etiladi. 2024-yil 1-mayga qadar nogironligi bo‘lgan shaxslarning to‘siqlarsiz harakatlanishlari uchun shaharsozlik norma va qoidalari talablari asosida moslashtiriladigan namunaviy ko‘chalar loyihasi ham tasdiqlanadi.

Tadbir so‘nggida O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun inklyuzivlik va teng imkoniyatlarni qo‘llab-quvvatlashni ko‘zda tutuvchi aniq chora-tadbirlar va dasturlarni amalga oshirishga qaratilgan vazifalar belgilanib, amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA