Yurtimizda ko‘pgina oilaviy tadbirkorlar, ishbilarmonlar muayyan faoliyat turi bilan shug‘ullanib, o‘zlarini o‘zlari band qilib kelmoqda.

Bu o‘z navbatida, fuqarolarning bandligini ta’minlash hamda oilaviy daromadlarni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham mamlakatimizda oilaviy tadbirkorlik va kichik biznesni, yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilib, zarur sharoitlar yaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 2-aprelda qabul qilingan «Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini moliyalashtirishni takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bu borada muhim hujjatlardan biri bo‘ldi.

Qarorda aholining bandligini ta’minlash va daromad topishga qaratilgan faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasidagi tadbirlarni tizimli ravishda davom ettirish maqsadida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar 33 milliondan 100 million so‘mgacha garovsiz ajratilishi belgilandi.

Xususan, 2024-yil 1-apreldan boshlab oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxslarga (asosiy ish joyiga ega shaxslar bundan mustasno) 33 million so‘mgacha, bir yildan so‘ng ushbu qarz oluvchining tadbirkorlik faoliyati samaradorligi, qarzning maqsadli ishlatilganligi hamda zaruratga qarab guruh kafilligi (kamida 3 nafar fuqaro) bilan qo‘shimcha 50 million so‘mgacha revolver asosida kreditlar ajratiladi.

– Mazkur qarorga ko‘ra, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi kreditlardan tomorqani rivojlantirishning bir nechta yo‘nalishlarida – parrandachilik, quyonchilik, chorvachilik, asalarichilik, baliqchilik va ixcham issiqxona uchun foydalanish mumkin, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Jahongir Abdurasulov. – Shu bilan birga, yer maydoni 10 sotixdan ortiq bo‘lgan tomorqa yer egalariga va ijarachilarga 50 million so‘mgacha garovsiz kredit berish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, 10 sotixli ixcham issiqxonalarni barpo etish va baliqchilik faoliyatini tashkil etish maqsadida bo‘lgan oilalar uchun 100 million so‘mgacha garovsiz kreditlar ajratiladi. Bu esa aholi vakillarining tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga, ish faoliyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi, – deydi xalq vakili.

Darhaqiqat, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi kreditlar 3-yildan 4-yilgacha muddatga, 6 oydan 1-yilgacha imtiyozli davr bilan, yillik 14 foiz stavkada ajratiladi. Endilikda oilaviy tadbirkorlar parrandachilik, quyonchilik, chorvachilik, asalarichilik, baliqchilik va ixcham issiqxona kabi yo‘nalishlardagi faoliyatni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishda ushbu imtiyozli kreditlardan foydalangan holda daromadlarini oshirishlari, o‘zini o‘zi band qilishlari mumkin.

Muhtarama Komilova, O‘zA