Mamlakatimizda boshoqli don ekinlari navlarini hududlarning tuproq-iqlim sharoitini hisobga olgan holda joylashtirish, maqbul muddatlarda ekish va parvarishlash, buning uchun zarur bo‘lgan moddiy-texnika resurslarini o‘z vaqtida va to‘liq yetkazib berish, boshoqli don hosildorligini hamda fermer xo‘jaliklari va g‘allachilik klasterlarining manfaatdorligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar qilinmoqda.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, respublikada 2024-yil hosili uchun 1 million 169 ming 775 gektar maydonda boshoqli don ekinlari parvarish qilinmoqda.

“O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmalari va tumanlar bo‘limlari tomonidan joylarda joriy yil hosili uchun g‘alla parvarishida agrotexnik tadbirlarni tashkil qilish bilan birga, uni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatilgan.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda parvarish qilinayotgan g‘alla maydonlarida kasallik, zararkunanda va begona o‘tlarga qarshi kurash ishlari amalga oshirilmoqda. Mavjud 5 ming 48 dona purkagich bilan zang kasalligiga qarshi 1 million 78 ming 257 gektar yoki 92 foiz maydonda fungitsidlar bilan ishlov berish ishlari o‘tkazilgan. G‘alla maydonlaridagi begona o‘tlarga qarshi 91 foiz maydonda gerbitsidlar bilan ishlov berilgan.

Ushbu tadbir Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida to‘liq amalga oshirildi.

Shuningdek, g‘alla zararkunandalariga qarshi 584 ming gektar yoki 50 foiz g‘alla maydonlarida zararkunandalarga qarshi insektitsidlar bilan ishlov berilgani aniqlandi. Soha xodimlari tomonidan mavsum davomida hududlarda g‘alla parvarishida agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan 31 ming 150 ta monitoring tadbiri o‘tkazilib, ushbu tadbirlar davomida 15 ming 178 ta fermer xo‘jalikning 107 ming 914 gektar g‘alla maydonida kamchiliklar aniqlangan.

Ushbu holatlarni bartaraf etish maqsadida tuman hokimliklari, mutasaddi tashkilot va idoralarga 470 ta taqdimnomalar kiritildi, g‘allachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklariga 30 ming 680 ta ogohlantirish berilgan.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA