O‘zbekiston va Tojikiston xalqlari farovonligini real oshirishga qaratilgan qator takliflar ilgari surildi.

Dushanbe shahrida Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi  hamkorligida “O‘zbekiston va Tojikiston: strategik sheriklik va ittifoqchilikning yangi istiqbollari” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Tadbirda Tojikiston vazirlik va idoralari vakillari, jumladan, Tashqi ishlar vazirligi, Tojikiston Milliy fanlar akademiyasi, Majlisi Namoyandagon, Majlisi Oli, Savdo-sanoat palatasi va Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasi rahbariyati ishtirok etdi.

O‘zbekiston tomonidan Markaziy Osiyo xalqaro instituti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi, Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti va Makroiqtisodiy va mintaqaviy tadqiqotlar instituti ekspertlari qatnashdi.

Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi direktori Xayriddin Usmonzoda bugungi kunda O‘zbekiston va Tojikiston o‘zaro manfaatli hamkorlikka sodiqligini aniq harakatlar bilan tasdiqlayotganini ta’kidladi.

– Dunyodagi iqtisodiy notinchlikka qaramay, mamlakatlarimiz bir-biriga keng ochilib, hamkorlik dividendlarini baham ko‘rmoqda,  odamlar o‘rtasidagi almashinuvni rag‘batlantirmoqda va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlamoqda, – dedi STM direktori Xayriddin Usmonzoda.

O‘z navbatida, Tojikiston TIV rahbarining birinchi o‘rinbosari Sodiq Imomi qardosh O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash Tojikiston tashqi siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri ekanini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar BMT, SHHT, MDH, EXHT, IHT va boshqa tashkilotlarda izchil rivojlanmoqda.

– Umumiy g‘oyalar va loyihalar ilgari surilgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining muntazam maslahat uchrashuvlari butun mintaqa manfaatlari yo‘lida ko‘p tomonlama hamkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan, – deya qo‘shimcha qildi S. Imomi.

Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahobovning ta’kidlashicha, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarida misli ko‘rilmagan yuksalish kuzatilmoqda va bu 2017-yildan buyon O‘zbekiston rahbari tomonidan faol targ‘ib qilinayotgan yaxshi qo‘shnichilik siyosatining bevosita natijasi bo‘ldi.

– Birgalikdagi sa’y-harakatlarni tubdan qayta shakllantirish, o‘zaro ochiqlikka o‘tish va ishonchni mustahkamlash, dinamik amaliy hamkorlik va keng gumanitar almashinuvni o‘rnatishga muvaffaq bo‘lindi, – dedi MOXI direktori. – Bunda davlat rahbarlari o‘rtasida o‘rnatilgan shaxsiy do‘stlik, o‘zaro hurmat va ishonch munosabatlari muhim rol o‘ynaydi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlari faqat ikki tomonlama masalalar bilan cheklanib qolmay, balki mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi asosiy muammolar bo‘yicha hamkorlikni ham o‘z ichiga oladi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlarining do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklikni mustahkamlash, tenglik asosida mintaqaviy muammolarni hal etish, manfaatlarni o‘zaro hisobga olish va oqilona murosalar izlash, mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish borasida birgalikdagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlayotgani aytildi.

Shuningdek, Osiyo va Yevropa mamlakatlari muammolarini o‘rganish instituti direktori Rustam Haydarzoda ham O‘zbekiston rahbarining Tojikiston bilan ikki tomonlama munosabatni mustahkamlashdagi rolini yuqori baholadi.

–O‘zbekiston Prezidenti dunyodagi eng mashhur siyosiy liderlardan hisoblanadi, chunki aynan Shavkat Mirziyoyev tufayli munosabatlarimizda va umuman, mintaqada ijobiy o‘zgarishlarga erishildi, bu esa jahon matbuotida “Berlin devorining qulashi” bilan taqqoslandi,– dedi Rustam Haydarzoda.

Konferensiya ishtirokchilari o‘z nutqida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikka ham to‘xtaldi. Xususan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori o‘rinbosari Muhsinjon Xolmuhamedov mamlakat rahbarlarining umumiy sa’y-harakati tufayli 2023-yilda ikki tomonlama savdo hajmi 2017-yilga nisbatan 3 barobardan oshib, 756,7 million dollarni tashkil etganini ma’lum qildi. U, shuningdek, erkin savdo rejimining o‘rnatilishi ushbu ko‘rsatkichni eng yaqin vaqt ichida 1 milliard dollarga yetkazishga imkon berishini ta’kidladi.

O‘z navbatida, STM direktorining o‘rinbosari Saodat Jo‘raxonzoda mamlakatlar o‘rtasidagi chegaralarning ochilishi aholi bandligi darajasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini qayd etdi. Ya’ni, chegara hududlarida xususiy transport biznesini rivojlantirishga yordam berganiga e’tibor qaratdi.

Ekspertlar, qolaversa, ikki mamlakat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, energetika, yengil sanoat, transport, raqamlashtirish, xalqaro iqtisodiy yo‘laklarni shakllantirish, chegara hududlarida savdo-sanoat zonalarini tashkil etish sohasida hamkorlikni kengaytirish tarafdori bo‘ldi.

Shu bilan birga, xalq diplomatiyasini kengaytirish, hududlararo aloqalarni rivojlantirish, madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

Anjuman yakunida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni chuqurlashtirish bo‘yicha yangi o‘sish nuqtalarini aniqlashga ko‘maklashadigan hamda ikki qardosh xalq farovonligini real oshirishga qaratilgan qator takliflar ilgari surildi.

B.XUDOYBERDIEV, O‘zA