Milliy adabiyotimizning yorqin namoyondasi, o‘zbek romanchilik maktabi asoschisi Abdulla Qodiriy ijodi xalqaro miqyosda keng o‘rganilmoqda. Xususan, ijodkor asarlari shu kunga qadar o‘nlab tillarga tarjima qilingan va ular xalqaro e’tirofga sazovor bo‘lmoqda.

Adib tavalludining 130-yilligi arafasida uning “Mehrobdan chayon” va “O‘tkan kunlar” romanlari xitoy tiliga tarjima qilinib, nashr etildi.

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida mazkur asarlar taqdimotiga bag‘ishlangan ijodiy kecha bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professor o‘qituvchilari, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun, Abdulla Qodiriy uy-muzeyi direktori Xondamir Qodiriy, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi vakillari, Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi xodimlari, tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdi.

Tadbirda TDSHU rektori professor Gulchehra Rixsiyeva so‘nggi yillarda Qodiriy asarlari tarjimasi ancha jonlanganini qayd etdi. Xususan, adibning asarlari muallifning hayotlik chog‘laridayoq xorijiy tillarga o‘girila boshlangan. Masalan, “O‘tkan kunlar” romani Ozarbayjon tilida 1928-yilda, “Mehrobdan chayon” romani tojik tilida 1935-yilda chop etilgan. Bundan tashqari yozuvchining asarlari  rus, qozoq, uyg‘ur, tatar, arab, italyan, ingliz tillariga ham tarjima qilingan.

Mazkur ikki mashhur romanlar o‘z sohasining yetuk mutaxassislari – Sichuan chet tillar universiteti professori, filologiya fanlari doktori Di Siyaosya hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi Konfutsiy nomidagi O‘zbekiston-Xitoy instituti direktori, filologiya fanlari doktori, professor Saodat Nosirova tomonidan  xitoy tiliga tarjima qilindi. Kitoblar Xitoy Xalq Respublikasining Ijtimoiy fanlar nashriyoti tomonidan katta tirajda nashr etildi.

Samimiy ruhda kechgan yig‘inda bugungi kunda tarjimaning dolzarbligi, ikki mamlakatning do‘stona aloqalaridagi ahamiyati, tarjima jarayoni bilan bog‘liq murakkabliklar haqida to‘xtalib o‘tildi. Bu asarlar xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qilib, xitoylik kitobxonlarning o‘zbek adabiyoti orqali o‘zbek millati, uning boy tarixi, madaniyati bilan yanada yaqinroq tanishishiga imkon beradi.

Go‘zal Sattorova, 

O‘zA