Prezident Toshkentga qaytib keldi

Futbol bo‘yicha jahon chempionatining ochilish marosimida ishtirok etgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-iyun kuni Toshkentga qaytib keldi. 
Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) tomonidan har to‘rt yilda tashkil etiladigan nufuzli musobaqada bu yil dunyoning 209 davlatidan saralangan eng kuchli 32 davlat terma jamoasi g‘oliblik uchun bahslashmoqda. Garchand, chempionatda O‘zbekiston terma jamoasi ishtirok etmayotgan bo‘lsa-da, hamyurtimiz, FIFA referisi Ravshan Ermatovning hakamlik qilishi o‘zbekistonlik har bir fuqaroni birdek quvontirmoqda.
Bir oy davom etadigan millionlar o‘yinida ishtirok etayotgan dunyoning eng kuchli terma jamoalari, eng kuchli futbolchilari muxlislarga unutilmas lahzalarni hadya etadi.
Jahon chempionatining ochilish marosimidan so‘ng Rossiya va Saudiya Arabistoni terma jamoalari maydonga tushdi. Uchrashuvda rossiyalik futbolchilar 5:0 hisobida g‘alaba qozondi.

 

Alovaddin G‘afforov, O‘zA