Poytaxtimizda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan tashkil etilayotgan Tasviriy va amaliy san’at festivaliga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nuridinov yil davomida mamlakatimiz madaniy hayotidagi eng yirik ushbu loyihani yuqori saviyada o‘tkazish uchun katta va jiddiy tayyorgarlik ishlari olib borilganini ta’kidladi.

Bu yil ham mazkur festivalni baland ruhda o‘tkazishga katta ahamiyat qaratilmoqda.

– Ko‘proq yoshlar ijodini namoyish etishga harakat qilamiz, – dedi Akmal Nuridinov. – Festival Kamoliddin Behzod haykali poyiga gullar qo‘yish bilan boshlanadi. Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmanistondan yigirmaga yaqin rassom keladi. Shu bilan birga TURKSOY davlatlari ijodkorlarining badiiy ko‘rgazmasi ham bo‘lib o‘tadi.

Festivalda yoshlar ijodiga keng o‘rin beriladi. Shu bilan birga Janubiy Koreyaning Kemyong universiteti talabalari, Fransiya elchixonasi bilan birga fransuz rassomlarining «Unsiz dunyo» komikslar ko‘rgazmasi o‘tkaziladi. Bu yilgi festival rang-barang ko‘rgazmalar, mahorat darslari, taqdimotlarga boy bo‘ladi.

15-apreldan boshlanib bir hafta davom etadigan ushbu loyiha davomida ko‘rgazmalar, taqdimotlar, modalar namoyishi, mahorat darslariga keng o‘rin beriladi. Shu bilan birga xorijlik ishtirokchilarning Samarqandga sayohat qilishi ko‘zda tutilgan.

– Ushbu festival yoshlarga bag‘ishlanadi, – dedi Akmal Nuridinov. – Ayni paytda biz O‘zbekistongagina xos jihatlarni chet ellik mehmonlarga ko‘rsatmoqchimiz. Shuningdek, mazkur festival Badiiy akademiya va uning faoliyati, bugungi tasviriy san’atimizni namoyish etishda ham alohida ahamiyat kasb etadi.

Mazkur festival mamlakatimizning barcha hududlarida bir vaqtning o‘zida bo‘lib o‘tadi.

Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga batafsil javob qaytarildi.

 

N.Usmonova, Alimurod Mamadaminov (suratlar) , O‘zA