Kutilmaganda salomatligimizda biror muammo yuzaga kelsa, birinchi navbatda tez yordamga murojaat qilamiz. Shoshilinch tibbiy yordam inson hayotini, sog‘lig‘ini saqlashda alohida o‘ringa ega. Shu bois yurtimizda aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda yuqori texnologik tibbiy yordamni tuman darajasida ko‘rsatish imkoniyati yaratildi. Tumanlardagi shoshilinch bo‘limlar o‘rniga shoshilinch qabul bo‘limlari tashkil etildi. Xizmat ko‘rsatishdagi geografik to‘siqlar bekor qilindi. Xususan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududiy filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi qonunning shoshilinch va tez tibbiy yordam masalasi nazarda tutilgan 30-moddasi ijrosini Navoiy va Xorazm viloyatlari misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, aholiga ixtisoslashtirilgan shoshilinch tibbiy yordamni yanada yaqinlashtirish, qo‘shma shikastlanishlar va yurak-qon tomir kasalliklaridan o‘lim va nogironlikni kamaytirish maqsadida tuman va shahar markaziy shifoxonalari tarkibida 35 ta tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari, tuman(shahar) markaziy shifoxonalarida bemorlarni kasallikning og‘irlik darajasi bo‘yicha saralaydigan tun-u-kun ishlaydigan shoshilinch qabul bo‘limlari tashkil etildi.

Bundan tashqari, sanitar aviatsiyasi xizmati faoliyat ko‘rsatmoqda. Natijada har yili 900 ming nafardan ortiq bemorni shoshilinch tibbiy yordam tizimi muassasalarida statsionarda davolash, 1 million nafardan ortiq bemorga ambulatoriyada tibbiy yordam berishni ta’minlash, tez tibbiy yordam xizmati tomonidan yiliga 13 millionga yaqin chaqiriqni bajarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, respublika bo‘yicha davlat tibbiyot muassasalarida shoshilinch tibbiy yordamga ixtisoslashgan 10 ming 410 ta o‘rin faoliyat ko‘rsatmoqda. So‘nggi besh-olti yil davomida mamlakatimizdagi shoshilinch tibbiy yordamga ixtisoslashgan muassasalar investitsiya loyihalari doirasida 103 turdagi 8 ming 621 ta tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlandi.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, Toshkent shahri tajribasi asosida Respublika tez tibbiy yordam markazining hududiy filiallarida yagona «Call-markaz»lar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, tez tibbiy yordam bo‘yicha elektron avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi joriy etilmoqda.

Deputatlar joylardagi o‘rganishlari davomida tez tibbiy yordam tizimiga yangi avtomashinalar yetkazib berilayotganiga guvoh bo‘ldi. Masalan, so‘nggi 3-yilda Navoiy viloyati filialiga 2 ta Gazel, 39 ta Volkswagen Caddy, 5 ta Damas, 1 ta Iveko (Mamografiya), 2 ta Isuzu (O‘pka salomatligi, qon quyish), Xorazm viloyati filialiga esa 43 ta Volkswagen Caddy, 2 ta Foton rusumli maxsus avtotransportlar yetkazib berilgan.

Muhokamalar davomida deputatlar aholiga tez va shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada yaxshilash, sohaga oid idoraviy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish, tez tibbiy yordamni tibbiyot birlashmalari va oilaviy poliklinikalar bilan integratsiyalash tizimini to‘liq yo‘lga qo‘yish, tez yordam tizimiga yangi shtatlar ajratish lozimligini ta’kidladi. Soha rivojiga oid yana bir qator taklif-tavsiyalar bildirilib, tegishli qaror qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA