Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi Davlat xavfsizlik xizmati hamda ichki ishlar organlari xodimlari bilan hamkorlikda To‘rtko‘l tumanidagi xonadonlardan birida tezkor tadbir o‘tkazdi.
Tadbirda to‘rtko‘llik fuqaro “geroin” giyohvandlik vositasini saqlab kelayotganligi fosh etildi. Ushbu xonadonda istiqomat qiluvchi fuqaro xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida ichki kiyimiga yashirilgan sellofan paketda oq rangli, o‘tkir hidli, kristallsimon modda borligi aniqlandi.
Tadbir davom ettirilib, mazkur uyda istiqomat
qiluvchi barcha fuqarolar ko‘zdan kechirilganida, qarangki, 8 oylik chaqaloqning tagligi ichiga ustamonlarcha yashirilgan sariq rangli sellofan paket ichida giyovandlik vositasiga o‘xshash modda borligi ma’lum bo‘ldi. Tayinlangan
ekspertiza xulosasiga ko‘ra, mazkur fuqarodan ashyoviy dalil sifatida olingan moddalar sof vazni 26,96 grammga teng bo‘lgan “geroin” giyohvandlik vositasi ekan.
O‘z qabix niyati yo‘lida nevarasi bo‘lgan norasida go‘dakdan foydalanishdan ham tap tortmaydigan bu shaxslar o‘z qilmishiga yarasha jazo oladigan bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zgatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri