Shveysariyaning Jeneva shahrida Xalqaro Mehnat tashkiloti (XMT) Mehnat konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Senati Raisi – Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha Milliy komissiya raisi Tanzila Norboyeva XMT bosh direktori Jilber Ungbo bilan uchrashdi.

Unda hamkorlik aloqalarning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

J.Ungbo O‘zbekistonni XMTning Ma’muriy kengashi a’zoligiga saylangani bilan samimiy qutlab, O‘zbekistonda mehnat munosabatlari yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.

Erishilgan natija va tajribani namuna sifatida mintaqa, qolaversa, jahon mamlakatlariga keng targ‘ib qilinayotganini ma’lum qildi.

Muloqot davomida munosib mehnat tamoyillarini tizimli tatbiq etish ishlarini yanada takomillashtirish, shuningdek, XMT bilan ijtimoiy adolat Global koalitsiyasi doirasida olib borilayotgan hamkorlik munosabatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Suhbat chog‘ida J.Ungboning O‘zbekistonga birinchi rasmiy tashrifi dasturi yuzasidan ham fikr almashildi.

***

XMTning departament direktori Korin Varga bilan uchrashuvda esa mehnat va ijtimoiy munosabatlar sohasidagi O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro Konvensiyalarning bajarilishi, ushbu yo‘nalishda boshqa Konvensiyalarga qo‘shilishi masalalari ko‘rib chiqildi.

Mamlakatimizda xususiy sektor rivojlanib borayotganini hisobga olib, korxonalarda ish beruvchilar va xodimlar munosabatlarining huquqiy asoslarini yanada kuchaytirish borasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

N.Abduraimova, O‘zA