Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi hamda sayyor qabul o‘tkazildi.
Tadbir Nukus harbiy prokuraturasi tomonidan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi qo‘mondonligi bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mudofaa ishlari boshqarmasi va uning shahar hamda tuman bo‘limlarining hisobida turgan 2024 yilda muddatli harbiy xizmatni o‘tab, Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatilgan yoshlar hamda huquqni muhofaza etuvchi organlar va kuch tuzilmalari tomonidan otaliqqa olingan yoshlar, shuningdek, harbiy xizmatchilar oila a’zolarining bandligini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.
Mamlakatimizda 10 iyun sanasidan joriy etilgan “Yoshlar oyligi” munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda 2024 yilda muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan 375 nafar hamda 110 nafar otaliqqa olingan yoshning ishtiroki ta’minlandi. Binobarin, yoshlar bilan ishlash har vaqt davlatimiz siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan bo‘lib kelgan. Xususan, bugungi kunda yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimi –yoshlarning huquq-tartibot organlari va kuch tuzilmalari tomonidan otaliqqa olinishi va ular bilan manzilli ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy shtablarning tashkil etilishi bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarning amaliy ifodasini namoyon etmoqda.
O‘sib kelayotgan yosh avlod vakillari, harbiy xizmatchilar va ular oila a’zolarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishda yordam ko‘rsatish, muammolarni o‘rganish, bir so‘z bilan aytganda, ularning ijtimoiy himoyasini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan tadbirda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, general-mayor Farhodjon Shermatov hamda Nukus harbiy prokurori adliya polkovnigi Ulug‘bek Abdurahimov so‘zga chiqib, bugungi kunda davlatimiz tomonidan yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, eng avvalo, odamlar bilan, xalq bilan muloqot qilish, ularning dardu tashvishlari, orzu-niyatlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini yaxshi bilish kerakligi, xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerakligi, xotin-qizlar huquqlarini ximoya qilish va ular o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, yosh avlod vakillariga katta hayotda o‘z o‘rnini egallashi uchun ko‘mak berish mamlakatimiz va jamiyatimiz taraqqiyotining muhim omili ekanligi ta’kidlandi.
Sayyor qabul doirasida Nukus harbiy prokuraturasi, harbiy okrug, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar hamda Milliy gvardiya boshqarmalari vakillari tomonidan ishtirokchilarning murojaatlari tinglandi.
Uchrashuv doirasida o‘tkazilgan bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasida 7 ta tumandan 430 dan ziyod korxona va tashkilot bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘alikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi xodimlari, tadbirkorlar tomonidan yoshlarning qiziqishidan kelib chiqib, bandligi bo‘yicha yakka tartibda suhbat o‘tkazildi. Muhimi, doimiy ish joyi bilan band bo‘lishi uchun taklif va tavsiyalar berildi.
Yarmarkada 3 nafar yoshga Milliy gvardiyaga kontrakt asosida harbiy xizmatga, 18 nafar yoshga Monomarkazda tahsil olish va 16 nafariga “Enter injiniring” korxonasiga ishlash uchun yo‘llanmalar berildi.
Tadbir yakunida yoshlar uchun Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug tarixi muzeyiga sayohat tashkil etildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari