Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov xizmat safari bilan Avstriyaning Vena shahrida bo‘ldi.

Ushbu safar chog‘ida tomonlar qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Energetika vaziri J.Mirzamahmudov va Avstriya Federal moliya vaziri o‘rinbosari A.Rayxardt o‘rtasida tashkil etilgan uchrashuv ulardan biri.

Vazirlik axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu tadbir doirasida Federal moliya vazirligi bilan hamkorlikda energetika va kimyo sohasidagi investitsiya loyihalarini muhokama qilish, yirik xorijiy kompaniyalarni moliyalashtirish, texnologik yechimlarni taqdim etish hamda loyihalar doirasida zarur uskunalarni mahalliy tadbirkorlar bilan hamkorlikda ishlab chiqarishni tashkil qilish maqsadida qator yirik kompaniyalar vakillari bilan biznes muloqot uyushtirildi.

Uchrashuvda Avstriya tomonidan energetika hamda kimyo sohalarida hamkorlikning mavjud imkoniyatlarini doimiy ravishda o‘rganib borish va ilg‘or loyihalarni birgalikda amalga oshirishni monitoring qilish bo‘yicha O‘zbekiston – Avstriya ishchi guruhini tuzish taklifi bildirildi.

Biznes muloqot yakunida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va Avstriya Federal moliya vazirligi o‘rtasida ishchi guruh tuzishni ko‘zda tutuvchi hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan memorandum imzolandi.

 

N.Ziyodullayeva,

O‘zA