Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida talabalar va “Gulzor” mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlari o‘rtasida mini futbol turi bo‘yicha “Direktor kubogi” musobaqasi o‘tkazildi.
Filialda tahsil olayotgan talaba-yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirish, sport sohasida tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ular orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish hamda sport bilan shug‘ullanishi uchun mos shart-sharoitlarni yaratib berish maqsadida tashkil etilgan ushbu musobaqada jami 12 ta jamoa qatnashdi. Deyarli 100 nafarga yaqin talaba va yosh qamrab olingan musobaqa taassurotlarga boy bo‘ldi. Jamoalar hamjihatlikda g‘alabani qo‘lga kiritish uchun intilishdi.
“Direktor kubogi” musobaqasining yakuniy natijasiga ko‘ra, faxrli birinchi o‘ringa “Turon” jamoasi loyiq deb topildi va jamoa direktor kubogi sohibiga aylandi. Ikkinchi o‘rinni “Terbenbes” jamoasi egallagan bo‘lsa, “Gulzor” mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlari uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
G‘oliblarni taqdirlash marosimida so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yoshlar orasida sportni keng targ‘ib qilish, ularni turli musobaqalarga jalb qilish orqali bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va salomatligini mustahkamlashga qaratilayotgan alohida e’tibor haqida gapirdi.
G‘olib va faol ishtirokchilar diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri