Bugun dunyo aholisining aksariyatini semizlik muammosi qiynamoqda. Ortiqcha vazn, ya’ni semizlik insonning nafaqat jismoniy, balki ruhiy holatiga, yashash tarzi hatto kelajagiga ham yomon ta’sir qilishi mumkin. Sababi semizlik inson organizmida ko‘plab kasalliklarni keltirib chiqaradi.

Xo‘sh, aslida semizlik kasallikmi? Uning oldini olish uchun nimalarga e’tibor berish kerak?  

Toshkent tibbiyot akademiyasi dotsenti, tajribali diyetolog- nutritsiolog Ilhom Otajonov O‘zA muxbirining semizlikning oldini olish, parhezga qanday rioya qilish xususidagi savollariga javob berdi.

– Bugun tibbiyotga diyetolog bilan birga nutritsiolog sohasi ham kirib keldi. Bularning bir-biridan farqi nimada?  

– Nutritsiolog – asosan semizlikning oldini olish, uning kelib chiqish sababini o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassis. Diyetolog kasallangan bemorlarning ovqatlanish tartibini tahlil qilib, unga to‘g‘ri tavsiya beruvchi shifokor hisoblanadi. Har ikkalasida ham tibbiyot sohasini bitirgan, bakalavr darajasiga ega bo‘lgan mutaxassislar ishlaydi.

Nutritsiologlar yangi paydo bo‘lgan kasb hisoblanadi. Bu kasb Yevropa davlatlarida juda ko‘p tarqalgan. Prezidentimizning tegishli qaroriga asosan yurtimizda 2016-yilda Toshkent tibbiyot akademiyasi qoshida nutritsiolog shifokorlarni tayyorlovchi fakultet paydo bo‘ldi.

– Ijtimoiy tarmoqlarda odamlarga semizlikdan qutulishning turli usullarini o‘rgatuvchilar ko‘paygan. Ular kimlar?  

– Qo‘pol qilib aytadigan bo‘lsam, ular o‘zidan mutaxassis yasab olganlar. Odam organizmida ovqatlanish bilan bog‘liq biologik jarayonlar bo‘ladi. U jarayonlarni bilmasdan turib hech kim diyetolog yoki nutritsiolog bo‘la olmaydi. Odamlarga ortiqcha vazndan qutulishga yordam berish uchun albatta, tibbiyot sohasida o‘qigan bo‘lish kerak.

Yana bir haqiqatni aytsam. Semizlikdan aziyat chekib qaysidir usul orqali vazn tashlagan odamlar ko‘pincha boshqalarga maslahat berishga oshiqadi. Ijtimoiy tarmoq orqali «Men oldin mana bunaqa holatda edim, keyinchalik mana shu ozish usulini qilganimdan so‘ng shunaqa holatga keldim, ozdim», deb tavsiya berishadi. Bu noto‘g‘ri.

Misol tariqasida aytsam, men yeydigan ovqatlarni siz iste’mol qilolmasligingiz mumkin. Yoki men o‘zimning parhezimni sizga tavsiya qilsam, sizda qo‘shimcha kasallik paydo bo‘ladi. Masalan, biror bir og‘ir holatdagi kasalliklar bo‘lsa, bu parhezni u odamga tavsiya qilish noto‘g‘ri.

– Demak, har bir inson organizmiga shifokor diyetologlar tomonidan individual yondashish kerak, to‘g‘rimi? 

– Odamlar orasida noto‘g‘ri parhezdan aziyat chekkanlari juda ko‘p. Semizlikdan qiynalayotgan odamlarga faqatgina shifokor tavsiyasi va nazorati ostida ozishni maslahat beraman.

Sababi diyetologning bemorning organizmini tekshiruvchi, tahlil qiluvchi tibbiy asbob-uskunalari bo‘ladi. Organizmda kechayotgan metabolizmni bilish uchun teri ostidagi yog‘ni o‘lchovchi kollektor apparatlar orqali tekshirib, so‘ng bemorga xulosa beradi. Tekshiruvlardan so‘ng beriladigan maslahat tamoman boshqacha bo‘ladi. Ya’ni uning natijasi ko‘proq.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra odamni o‘limgacha olib keluvchi 10 ta kasallikning oltitasi ovqatlanish bilan bog‘liq. Agar biz to‘g‘ri ovqatlanishga, sog‘lom turmush tarziga amal qilmasak, ushbu kasalliklar bizda paydo bo‘lib, keyinchalik og‘ir holatlarga olib kelishi mumkin. Shuning uchun sog‘lom ovqatlanish birinchi o‘ringa qo‘yilgan.

– Parhez deganda ko‘pchilik ovqatni kam yeyish yoki umuman yemaslikni tushunadi. O‘zi parhez qanday bo‘lishi kerak?  

– Parhez asosan individual bo‘lishi kerak. Kim qanaqa parhezda yurishi uchun uning organizmini bilish zarur. Biz ayrim bemorlarga  kamroq, ba’zilarga ko‘proq quvvat bo‘ladigan ovqatlarni yeyishni tavsiya qilamiz. Ya’ni odam organizmini tahlil qilib, so‘ng parhez buyuramiz.

Ayrimlar ortiqcha vazndan qutulish uchun oshqozonining ma’lum bir qismini kesib, oldirib tashlayapti. Men bu muolajani tavsiya qilmayman.

Inson ovqatni kamroq yeb, ko‘p jismoniy harakat qilsa, organizmidagi ortiqcha yog‘lar erib, unga quvvat berishni boshlaydi. Kamroq ovqat iste’mol qilib, sport bilan shug‘ullanish yaxshi samara beradi.

N.Rahmonova, A. Sodiqov, A. Ahmedov (video), O‘zA