Bahor o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi mumkin bo‘lgan mavsumning boshlanishi hisoblanadi. Dunyoning qator davlatlarida o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘yicha murakkab epidemik vaziyat saqlanib qolmoqda.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan profilaktik va epidemiyaga qarshi samarali tadbirlar natijasida o‘lat, vabo, sariq isitma, virusli gemorragik isitmalar, parranda grippi kabi karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning respublika hududiga chetdan kirib kelishi va aholi o‘rtasida tarqalib ketishining oldi olinmoqda.

– Ammo fuqarolarimizning ushbu kasalliklar to‘g‘risida bilimi yetarli emasligi oqibatida o‘tgan yillarda aholi o‘rtasida quturish, kuydirgi, Qrim-Kongo gemorragik isitmasi kabi kasalliklar ro‘yxatga olindi. Ushbu kasalliklarning kelib chiqishiga oddiy qoidalarga rioya qilmaslik va e’tiborsizlik sabab bo‘lgan, – dedi AOKAda o‘tkazilgan brifingda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Maftuna Saidova.

Shu bois fuqarolarimizga yana bir bor ushbu kasalliklardan himoyalanishning ishonchli qoidalari haqida ma’lumot berildi.

– Quturish nerv sistemasining zararlanishi bilan kechadigan va 100 foiz o‘lim bilan tugaydigan o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir. Ushbu kasallikning oldini olishda hududlarda daydi hayvonlarning paydo bo‘lishiga yo‘l quymaslik zarur. Agar xonadoningizda it va mushuk boqadigan bo‘lsangiz, ularni o‘z vaqtida veterinariya ko‘rigidan o‘tkazib quturish kasalligiga qarshi emlatishingiz talab etiladi. Hayvonlarning tishlashi natijasida olgan xar qanday jarohatlarni o‘zboshimchalik bilan davolashga harakat qilmasdan, turar joy bo‘yicha tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan holda o‘rnatilgan tartibga ko‘ra kerakli muolajalarni olish zarur. Ayniqsa, bunda quturishga qarshi emlash olish ahamiyatli.

Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi haqida aytadigan bo‘lsam, u – kanalar chaqishi orqali yuqadigan, o‘ta xavfli yuqumli kasallik. Virus hayvonlar va bemor qonini so‘rgan kanani ezib o‘ldirganda yoki shu kasallikka chalingan bemor qoni sog‘lom odam terisi va shilliq qavatiga tushganda ham yuqishi mumkin.

Ushbu xavfli kasallikni yuqtirib olmaslik uchun qoramollar tanasidagi kanalarni qo‘llar bilan terib olmaslik, qo‘l bilan ezib o‘ldirmaslik, kana qoni bilan terining ochiq joyining ifloslanishiga sabab bo‘lmaslik o‘ta muhim qoida sanaladi.

Kuydirgi turli xil yuqish yo‘llariga ega bo‘lgan, asosan o‘ziga xos og‘riqsiz yara, ba’zida o‘pka, ichak va og‘iz-tomoq shakllarida namoyon bo‘ladigan o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir.

Kuydirgi bilan uy hayvonlari va bir qator yovvoyi hayvonlar ham kasallanadi. Kuydirgi kasalligi qo‘zg‘atuvchisi tuproqda bo‘ladi.

Bozorlardan go‘sht va go‘sht mahsulotlari xarid qilishda albatta, veterinariya ko‘rigidan o‘tganini tasdiqlovchi hujjatlarning mavjudligiga e’tiborli bo‘lish lozim.

Vabo kasalligini yuqtirib olmaslik uchun esa ochiq suv havzasidan olingan va qaynatilmagan suvni iste’mol qilmaslik kerak.

Inson o‘zida o‘tkir diareya holatini (oshqozon-ichak funksiyasining buzilishi) kuzatsa, zudlik bilan o‘z hududidagi tibbiyot muassasasiga murojaat qilishi shart.

Chet mamlakatlarga safar paytida xar qanday iste’mol qilinayotgan mahsulotning tozaligiga, ishonchligiga va sifati kafolatlanganiga e’tiborli bo‘lish zarur, – dedi Maftuna Saidova.

 

Mohigul Qosimova, O‘zA