Yaponiyaning NHK teleradiokompaniyasi o‘z saytida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimizda turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari haqida material joylashtirdi.
Quyida ushbu material matni keltirilmoqda:
“O‘zbekiston qadimda Buyuk Ipak yo‘lining asosiy xalqaro tranzit markazi bo‘lgan.
Bugun mamlakat ochiq va yaxshi qo‘shnilikka asoslangan tashqi siyosat yuritayotgani tufayli sayyohlar oqimi oshmoqda.
Hukumat turizm sohasiga mamlakat iqtisodiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchi va strategik tarmog‘i sifatida qaramoqda. Sayyohlik infratuzilmasini modernizatsiya qilishda katta yutuqlar kuzatilmoqda. Investorlar mehmonxona infratuzilmasini rivojlantirish uchun subsidiyalar, shuningdek, mebel va uskunalarni import qilishda nazarda tutilgan soliq imtiyozlarini olish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Samarqand Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan asosiy markaz sifatida tanilgan shahardir.
– So‘nggi vaqtlarda shahrimizga Tojikistondan ko‘plab mehmonlar kelmoqda, – deydi sotuvchi Sunnat Mo‘minov. – Natijada tadbirkorlik rivojlanmoqda, bu quvonarli hol. Umid qilamanki, mamlakatimizga butun dunyodan keluvchi sayyohlar soni yanada ortadi.
Xorijlik sayyohlarning qayd etishicha, O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylari, maftunkor tabiati bor. Lekin ularni avvalo yurtimizning boy me’moriy yodgorliklari o‘ziga jalb qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi yaqin uch yilda sayyohlar sonini ikki baravar oshirishni maqsad qilgan.
O‘zbekiston 2017-yili ikki yarim milliondan ziyod sayyohni qabul qildi, bu oldingi yilga qaraganda 25 foiz ko‘p.
Bu yuksalib borayotgan istiqbolli xizmat ko‘rsatish sohasi uchun ancha yuqori sur’atdir.