Bugungi kunda dunyo aholisining 50 foizdan ortig‘i shaharlarda istiqomat qiladi. Boisi, shaharlar kundan kunga yashash uchun qulay hamda xavfsiz bo‘lmoqda. Biroq tan olish kerakki, aholi sonining keskin o‘sishi natijasida shaharlar turli ko‘rinishdagi jinoyat va tahdidlarga duch kelmoqda. Ya’ni, kiberhujumlar, terrorchilik, biokimyoviy hujumlar, oziq-ovqat qo‘rquvi, flesh-moblar, texnogen va tabiiy ofatlar shular jumlasidan. Shaharlarda ishonchli va xavfsiz yashash, fuqarolarning shaxsiy xavfsizligi uchun sharoit yaratish endilikda butun dunyo oldida turgan eng muhim vazifaga aylandi.

Jumladan, O‘zbekiston aholisining kundan kunga o‘sishi natijasida shahar hududlari kengayib bormoqda. Bu esa, o‘z navbatida markazlar infratuzilmasining ortishi, jamoat xavfsizligi va xavfsiz transport tizimini yaratishga bo‘lgan talablarni oshirishi tabiiy. Shu sababdan, bugunga kelib mamlakatimiz xavfsizligini ta’minlash maqsadida «Xavfsiz shahar» yagona integrallashgan tizimini joriy etish vazifasi qo‘yildi.

«Xavfsiz shahar» tizimi — xavf-xatarlar, favqulodda vaziyatlar, hodisalarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni kompleks boshqarish tizimi bo‘lib, davlat tomonidan aholi hayoti va faoliyatini barcha tashqi tahdidlardan muhofaza qiladi. Shuningdek, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar hayoti va sog‘ligini turli xavflardan himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslar mulkining ishonchli qo‘riqlanishini tashkil etish, huquqbuzarliklar profilaktikasiga qaratilgan jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimida bir qator ishlarni amalga oshiradi.

«Xavfsiz shahar» tizimlarini rivojlantirish markazi axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda ushbu loyiha respublikamizning barcha viloyat, shahar va tumanlarida tatbiq etilmoqda. «Xavfsiz shahar» loyihasi doirasida IT texnologiyalarini qo‘llash, zamonaviy xavfsizlik vositalaridan foydalanish, to‘plangan ma’lumotlarni tahlil qilish va tezkor chora ko‘rish mexanizmlarini qo‘llash, sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning barvaqt oldini olish va fuqarolar uchun xavfsiz muhitni yaratish kabi ishlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Misol uchun, birgina Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahri va Xorazm viloyati Xiva shahrida «Xavfsiz shahar» konsepsiyasi asosida jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida aholi gavjum bo‘ladigan jamoat joylariga intellektual videokuzatuv kameralari, transport vositalari tomonidan yo‘llarda sodir etiladigan qoidabuzarliklar hamda baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun foto-radar qurilmalari, shuningdek, viloyat, shahar va tumanlarga kirish-chiqish joylariga avtotransport vositalarining davlat raqamini qayd etuvchi videokuzatuv moslamalari o‘rnatilmoqda. Ushbu moslamalar Situatsion-tahliliy markazga integratsiya qilinishi natijasida onlayn rejimda hududlar nazoratini amalga oshirish imkoni yaratilmoqda.

Bundan tashqari, Xiva shahri sayyohlar doimiy tashrif buyuruvchi maskan bo‘lgani sababli, shaharning aholi gavjum bo‘lgan jamoat joylariga ma’lumotlarni tahlil qilish va qayta ishlash, huquqbuzarliklar va hodisalar to‘g‘risidagi xabarlarni qabul qilish, sayyohlik faoliyati xavfsizligini samarali ta’minlash maqsadida shaxsni identifikatsiyalovchi, yo‘naltirilgan va aylanma intellektual videokuzatuv qurilmalari hamda avtotransport vositalarining davlat raqamini aniqlovchi kameralar o‘rnatildi.

Bir so‘z bilan aytganda, bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida yurtimizning har bir hududi o‘zgacha ko‘rinishga ega bo‘lmoqda. Muhimi esa, u yerdagi aholi va mehmonlarning xavfsizligi endilikda «Xavfsiz shahar» konsepsiyasi asosida yanada ishonchli ta’minlanadi.

Ta’kidlash lozim, «Xavfsiz shahar» tizimlarini rivojlantirish markazining asosiy vazifalari ichki ishlar organlari, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning axborot tizimlari o‘zaro aloqasini, videokuzatuv tizimlarini, huquqbuzarliklarni aniqlash, obyektlarni muhofaza qilish, ehtimoliy tahdidlarni tezkor aniqlash va ogohlantirish, intellektual tahliliy datchiklarni aniqlash, shuningdek, jinoyatchilikning oldini olish, navbatchi-dispetcherlik markazlari va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari tizimini yaratishdan iboratdir.

 

O‘zA