Poytaxtimizda “Intellektual mulk obyektlarini tijoratlashtirishda texnoparklarning litsenziyalash salohiyatini oshirish” mavzusida mintaqaviy seminar-trening o‘tkazildi.

Mamlakatimiz Adliya vazirligi tomonidan Jahon intellektual mulk tashkiloti va Yevrosiyo patent tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda yetakchi xorijiy ekspertlar hamda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistondan 30 dan ortiq texnopark rahbarlari ishtirok etdi.

Intellektual mulkni tijoratlashtirish umumiy ma’noda jahon iqtisodiyoti, jumladan tadbirkorlik subyektlari, ilmiy ishlab chiqarish obyektlari va texnoparklar rivojini ta’minlashga xizmat qiladi. Intellektual mulk obyektlarini litsenziyalash texnoparklar, innovatsiya va texnologiyani rivojlantirishga qaratilgan erkin iqtisodiy hamda sanoat zonalarida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ayni yo‘nalishga mamlakatimizda ham alohida e’tibor qaratilyapti.

Anjumanda nomoddiy aktivlar jahon iqtisodiyotida muhim o‘rin egallashi ta’kidlandi. Respublikamizda intellektual mulk sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

– Jahon tajribasida intellektual mulkning asosiy maqsadi iqtisodiy taraqqiyotga xizmat qilish, – dedi Adliya vazirligi Intellektual mulk departamenti boshlig‘i Yesemurat Kaniyazov. – Rivojlangan mamlakatlarda yalpi ichki mahsulotning 45 foizi ayni sohaga to‘g‘ri keladi. Hozir dunyo miqyosida intellektual mulk, ya’ni nomoddiy mulk qiymati moddiy mulk miqdoridan oshib, 70 milliard dollarga yetdi. Intellektual mulk rivojlanmasa, innovatsiya rivojlanmaydi. Shu bois keyingi yillarda O‘zbekistonda ham mazkur yo‘nalishni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, soha tarixida ilk bor maxsus strategiya qabul qilindi. Mamlakatimiz Jahon intellektual mulk tashkilotiga bir necha yil oldin a’zo bo‘lgan. Shu tuzilma tavsiyasi va xalqaro mezon asosida ish olib borish yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi seminar intellektual mulkni tijoratlashtirish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish, tahlil qilish imkonini beradi.

Mavzuga oid xalqaro ekspertlar ma’ruzalarida intellektual mulk obyektini foydalanish uchun berish to‘g‘risidagi litsenziyalash shartnomasining huquqiy tabiati, bitim tuzish jarayonida olib boriladigan muzokaraning asosiy tamoyili, shartnomani rasmiylashtirish tartibi, obyektni baholash masalalari tahlil qilindi.

Bunday tadbir Toshkentda o‘tishi juda muhim, – dedi Yevrosiyo patent tashkiloti prezidenti Grigoriy Ivliyev. – Zero, O‘zbekiston ayni soha jadal va muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Mamlakatda intellektual mulkni umumiy boshqarish bo‘yicha dadil qadamlar tashlanyapti. Seminarda samarali jahon tajribasi taklif etilib, texnoparklar, malakali xorijiy mutaxassislar o‘rtasida aloqa yo‘lga qo‘yiladi. Muloqot davomida barcha mintaqalarda bemalol ishlay oladigan umumiy axborot texnologiyalari makoni yaratishga kelishdik. Umuman, mana shunday nufuzli anjumanlar tadbirkorlar uchun jahon bozoriga yanada kengroq chiqish imkonini beradi.

Go‘zal Sattorova, Muhammad Amin (surat), O‘zA