Xalqaro gumanitar fanlar va rivojlanish universiteti (MUGNiR)da Turkmaniston va xorijdagi oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida IV Ochiq matematika olimpiadasi (OMOUS-2024) bo‘lib o‘tmoqda.

Unda O‘zbekiston, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Ispaniya, Xitoy, Bolgariya, Indoneziya va Turkmenistondan 500 nafardan ortiq talaba ishtirok etmoqda. Ularning 79 nafari mamlakatimizning 18 ta oliy o‘quv yurtlari talabalaridir.

Olimpiada ishtirokchilari matematika fani bo‘yicha yakkalik va  jamoaviy bahslarda o‘z bilimlarini namoyish etadi. Turkman va ingliz tillari Olimpiadaning rasmiy tili hisoblanadi. Yurtimiz talabalari  yakkalik va jamoaviy bosqichlarda jami 7 ta oltin, 15 ta kumush va 35 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi. Yakkalik bahslarida Rasul Qoshnazarov, Anvarbek Masharipov (Urganch davlat universiteti), Nabixon Nabixonov (O‘zbekiston Milliy universiteti), Damir Dilmurodov (Qoraqalpoq davlat universiteti) A toifasida, Toshkent davlat  iqtisodiyot universiteti talabalari Humoyun Abdurasulov va  Tohirbek Tulanovlar B toifasida oltin medallarni qo‘lga kiritdi. Jamoaviy  bahslarda oltin medal Nabixon Nabixonov, Fatxulla Keldiyorov va Hasan To‘yliyevlardan iborat O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasiga nasib etdi.

O‘tgan yili mazkur olimpiadada o‘zbekistonlik ishtirokchilar jami 5 ta kumush va 13 ta bronza medalni qo‘lga kiritib, 4-o‘rinni egallagan edi, deb  xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati.

N.Usmonova tayyorladi, O‘zA