Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

— Mamlakatimizda raqobatni rivojlantirish va monopoliyalarga qarshi kurashish, iste’molchilarning huquqlari himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. — dedi deputat Bekmirza Eshmirzayev. — Mazkur qonun loyihasi bilan “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunga Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining nomini aniqlashtirish, davlat yordami berilishiga taalluqli loyihalarni ushbu qo‘mita bilan kelishish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritilib, unga muvofiq xo‘jalik yurituvchi subyekt qaysi faoliyat turiga asosan tabiiy monopoliya subyektlari jumlasiga kiritilsa, o‘sha faoliyat turi uning asosiy faoliyat turi hisoblanishi belgilanmoqda. Bundan tashqari, jazolar tizimini liberallashtirish maqsadida iqtisodiy jihatdan past ta’sir darajasiga ega bo‘lgan hollar bo‘yicha birinchi marta raqobat sohasida huquqbuzarlik sodir etgan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan moliyaviy sanksiyalar tarzidagi javobgarlik choralarini qo‘llamaslik ko‘zda tutilmoqda, — dedi ma’ruzachi.

Shuningdek, deputat qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomidagi o‘zgarishlar haqida ham batafsil ma’lumot berib o‘tdi.

Moddama-modda muhokamalarda so‘z olgan deputatlar ayrim normalar bo‘yicha aniqlashtiruvchi savollarni o‘rtaga tashladilar. Mas’ullar tomonidan tegishli javoblar qaytarildi. Shuningdek, iqtisodiy ta’siri past subyektlarni baholash, iqtisodiy sanksiyalarni qo‘llash bilan bog‘liq normalar qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Turli fikr-mulohazalar bildirildi.

Qonun loyihasining qabul qilinishi tovar va moliya bozorlarida sog‘lom raqobat muhitini ta’minlashga, iqtisodiy jihatdan past ta’sir darajasiga ega bo‘lgan hollar bo‘yicha raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun xo‘jalik yurituvchi subyektga moliyaviy sanksiyalarni qo‘llashda adolatlilik prinsipiga rioya etilishiga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.

Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA