“Bolalar va yoshlarga do‘stona, mahalliy boshqaruv” pilot loyihasi doirasida erishilgan natijalar tahlil qilindi

Men sizga bir dona olma bersam va siz menga bir olma bersangiz, har ikkalamizda bittadan olma bo‘ladi. Men sizga bir g‘oya bersam-u, siz menga bir g‘oya bersangiz, har birimizda ikkitadan g‘oya bo‘ladi. Zero, moddiy va g‘oyaviy harakat o‘rtasida farq bor. Bugungi Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashib, yirik loyihalar ustida ishlayotgani ana shu ikki g‘oyani tutashtiryapti.

Poytaxtimizda “Bolalar va yoshlarga do‘stona, mahalliy boshqaruv” tashabbusi doirasida erishilgan natijalar tahliliga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda respublikamizning besh hududida navqiron yoshlar, yurtimiz kelajagi bo‘lmish bolalar axborot texnologiyalari va boshqa zamonaviy kasblarga doir turli yo‘nalishlarda birgalikda muhim ishlar amalga oshirayotgani ta’kidlandi.

Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi, ushbu davlatning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan moliyalashtirilgan, UNICEF qo‘llab-quvvatlagan navbatdagi innovatsion tashabbus Farg‘ona, Navoiy, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Yuksalish” harakati va Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazildi.

– “Bolalar va yoshlarga do‘stona, mahalliy boshqaruv” tashabbusi ajoyib natija berdi, – deydi mamlakatimizdagi UNICEF vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi Joffri Ijumba. – Masalan, ekologiyani saqlash, bolalar ta’limi uchun sharoit yaratish chora-tadbirlariga yoshlar salmoqli hissa qo‘shyapti. Nogiron yoshlar ijtimoiy xizmatdan foydalanishi masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Darvoqe, mazkur g‘oya mahalliy hokimiyat tomonidan bolalar va yoshlar manfaatini izchil ta’minlovchi qarorlar qabul qilinishiga erishish maqsadini ko‘zlagan edi. shu ma’noda mas’ullar qizlar va o‘g‘il bolalar, yosh ayollar huquqi hurmat qilinadigan sog‘lom, g‘amxo‘r, xavfsiz, shuningdek kamsitishdan xoli va inklyuziv muhit yaratish yo‘lida birga harakat qildi.

– O‘zbekistonda yosh avlod qonuniy huquqi va manfaatini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan, – deydi “Yuksalish” harakati raisi Bobur Bekmurodov. – Ushbu loyiha orqali respublikamizning besh hududi bolalar va yoshlar farovonligi bilan bog‘liq qaror qabul qilish jarayonida bevosita ishtirok etishiga tizimli yondashdi. Mahalliy hokimiyat va yoshlar hamkorligining samarali mexanizmi paydo bo‘ldi. Bu tajriba kelgusida boshqa hududlarga ham yoyiladi.

Yig‘ilishda 2022-2023-yillar davomida mahalliy hokimiyat idoralari bolalar va yoshlar, ayniqsa aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami ehtiyojini qondirishga yo‘naltirilgan dasturlarni rejalashtirishda milliy va xalqaro ekspertlardan texnik yordam olgani qayd etildi. Shaharlarda tashkil etilgan Yoshlar maslahat kengashlari tomonidan 10 000 dan ziyod kishi bilan turli onlayn platformalar orqali tadbir, yuzma-yuz uchrashuvlar o‘tkazildi.

Yoshlarning shaxsiy muammosini hal etish, shaharlardagi barcha bolalar va yoshlarni qamrab oluvchi ijtimoiy muammolarni muhokama qilish maqsadida “Hokim va yoshlar” uchrashuvlarining muqobil formati qo‘llanildi.

Toshkentda o‘tgan yakuniy tadbir ikki yil davomida erishilgan yutuqlar, ilg‘or tajriba taqdimoti, dolzarb masalalar muhokamasi uchun maydon yaratdi, deyish mumkin. Shu tariqa yoshlar yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, yoshlarni ekologiya muammosini hal etish va axborot texnologiyalari joriy etilgan kasblarga jalb etish bo‘yicha tizimli ishlar qilindi.

Bundan tashqari kelgusida bandligini ta’minlash maqsadida nogiron bolalar uchun zarur ko‘nikma egallash imkonini kengaytirish, qiz va o‘g‘il bolalar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishini ta’minlash chora-tadbirlari ishlab chiqilgan.

Joffri Ijumba aytishicha, mahalliy hukumat bolalar va yoshlarning fikrini e’tiborga olib, ular bilan hamkorlikda ishlayotgani loyihaning asosiy yutug‘idir.

– Barcha besh pilot hududni qisqa vaqt ichida erishgan yuqori natijalari bilan tabriklaymiz, – dedi Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorlik bo‘limi rahbari Raxel Byosh. – Ushbu muhim loyiha mahalliy darajada xotin-qizlarni, bolalarni keng qamrab olishga imkon berdi. Yoshlar boshchiligidagi innovatsion tashabbuslar, O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasida nazarda tutilganidek, mahalliy darajada yanada inklyuziv boshqaruv yo‘liga chorlayapti.

“Bolalar va yoshlarga do‘stona, mahalliy boshqaruv” tashabbusi finalchilari sifatida Farg‘ona, Navoiy, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tegishli sertifikat berildi. Mazkur amaliyot, bilim va tajribadan mahalliy boshqaruv tizimini yanada mustahkamlash, bolalar va yoshlar huquqini keng ma’noda ta’minlashda foydalaniladi. Kelgusida, O‘zbekiston aholisining 55 foizdan ziyodini yoshlar tashkil etishidan kelib chiqib, ayni boshqaruv tizimini muntazam takomillashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA