Bu yurtda halol, sharafli, fidokorona mehnat doim e’tirof etilgan, e’zoz topgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kuni kecha qabul qilingan “8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni bu fikrlarning yana bir karra isboti bo‘ldi.

Farmon bilan ko‘pchiligimiz hayajonlanib tanishdik. Taqdirlanganlarning bari el-yurt ardog‘idagi, shu aziz Vatan ravnaqi uchun jon kuydirib mehnat qilayotgan opa-singillarimiz ekanidan juda quvondik. Ularning aksariyati oddiy kasb-korli, munis, mushfiq, olamlarga nafi tegayotgan ayollar ekanidan, jonajon O‘zbekistonimizning gullab-yashnashi uchun oilasiga, farzandlariga atagan mehrining katta qismini jamiyatga, Vatanga, el-yurtiga bag‘ishlayotganidan g‘oyat mamnun bo‘ldik.

Pillakor, sahna ustasi, huquq himoyachisi, ijodkor, xotin-qizlar faoli, gidrotexnik-muhandis, osmon-u falakdan turib odamlarni uyli-joyli qilayotgan kran mashinistlari, sport murabbiylari, chevar do‘ppido‘zlar, didi baland dizaynerlar, mexanizatorlar, tadbirkor, cho‘pon, fermer ayollar, mexanig-u oddiy ishchi ayollar, millati, ijtimoiy holatidan qat’i nazar, shu tabarruk diyor ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgan munis ayollarimiz borki, ularning mehnati yuksak e’tibor va ehtiromda! Demakki, hech bir ayolning mashaqqatli mehnati, yurt ravnaqi yo‘lidagi shiddatli intilishi davlatimiz tomonidan bee’tibor qoldirilmayapti.

Ro‘yxat avvalida adabiyotimiz fidoyisi, yosh ijodkorlarning sevimli ustozi “Qoraqalpoq adabiyoti” gazetasi bosh muharriri Guliston Annaqilichevaning “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangani mamlakatimizda ustoz va shogird an’analarining bardavomligini ta’minlash, milliy jurnalistika, adibiyot, ma’naviyat va ma’rifat sohalariga qaratilayotgan ulkan e’tiborning amaliy natijasidir. Guliston opaning satrlaridan jonajon O‘zbekistonimizga mehr-muhaabbat, sadoqat, elga jonfidolik ufurib turadi. Shogirdlarining kitoblari chiqsa yoki ilk ijod namunalari matbuotda ko‘rinsa, opa o‘z yutug‘idan ham ko‘ra ko‘proq quvonadi. Yurtga kelgan tashvishdan, odamlarning dard-u g‘amidan jon-u jahoni o‘rtanadi. Muammolarning yechimini izlaydi. Ijodkor ayolning bir so‘zli, jo‘mard, qat’iyatli fe’li ko‘plarimiz uchun ibrat maktabidir.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, kamtarin adiba Maxsuma Ahmedovaning “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangani diqqatga sazovordir. Maxsuma opa samarali ijod qilib kitobxonlar mehrini qozongan yozuvchi sanaladi. Bundan tashqari opa, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tog‘ay Murodning umr yo‘ldoshlari hamdir.

Tog‘ay Murodning o‘zbekning dardini yuraklarni o‘rtab, kitobxonni iztirobga solib, kitoblarga aylantirgan asarlarida uning safdoshi, darddoshi, umr yo‘ldoshi Maxsuma opaning ham mehnatlari, zahmatlari, atoqli yozuvchi bilan birgalikda chekkan iztiroblari mujassamdir. Ha, chindan ham Maxsuma opa mukofot-u e’tirofga munosib ijodkor ayoldir.

Milliy adabiyotimizni bolalar adabiyotisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Zero, barchamizning adabiyotga bo‘lgan mehrimiz bolalikdagi kitoblarimizdan boshlangani aniq. Taniqli bolalar yozuvchisi, “G‘uncha” jurnali bosh muharriri Dilfuza Shomalikova bugungi kunda bolalar adabiyoti rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan ijodkorlardan sanaladi. Dilfuza opaning ko‘p yillik mehnatlari munosib qadr topib, “Shuhrat” medaliga munosib ko‘rilgani diqqatga sazovordir. Zero, opaning yozganlari bolalarni go‘daklikdanoq hayotning, uning aziz ne’matlarining qadriga yetishga, inson o‘z taqdirini Vatan taqdiri bilan vobasta ko‘rmog‘i zarurligiga undaydi.

Ha, bu tabarruk diyorda azaldan fidoyilarcha mehnat mehnat qilgan, yurt tashvishi yo‘lida zahmat-u mashaqqat chekkanlar har doim qadr, izzat-ikrom topgan!

Mukofotlar muborak, aziz opa-singillar! 

Nazokat Usmonova, O‘zA