Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putin bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 iyun kuni Xitoyning Sindao shahrida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati xabar berdi.
Davlatimiz rahbari Vladimir Putinni Rossiya Prezidentligiga qayta saylangani bilan yana bir bor tabriklab, Rossiya bilan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari O‘zbekiston tashqi siyosatining o‘zgarmas yo‘nalishi ekanini ta’kidladi.
Bir yilda o‘zaro 70 ta delegatsiya tashrifi amalga oshirilgani, 21 marta hududlararo uchrashuvlar o‘tkazilgani aloqalarning bugungi sur’ati va miqyosidan dalolat beradi. Joriy yilning birinchi choragida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 40 foizdan ziyod o‘sgan. Hali oldinda yana yirik loyihalarimiz ko‘p, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Rossiya Prezidenti davlatimiz rahbari bilan uchrashuvdan mamnunligini ta’kidlab, mamlakatlarimiz hamkorligida ko‘plab samarali loyihalar amalga oshirilayotganini qayd etdi.
O‘tgan yili Rossiyaga tashrifingizdan keyin hammasi ijobiy tomonga o‘zgardi. Sizning tashabbusingiz bilan chegaralardan o‘tishda “yashil yo‘lak” tashkil etilgani natijasida O‘zbekiston meva-sabzavotlarini yetkazib berish qariyb 36 foiz oshdi. Rossiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, dedi Vladimir Putin.
“Lukoyl” kompaniyasi O‘zbekistonga 7 milliard dollar investitsiya kiritgani, joriy yil aprelda Qandim gazni qayta ishlash majmuasi ishga tushirilgani qayd etildi. “Rosatom” Atom energiyasi bo‘yicha davlat korporatsiyasi bilan energetika sohasida sheriklik va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib olingani ta’kidlandi.
Joriy yilning kuzida O‘zbekistonga oliy darajadagi tashrif kutilmoqda. Shuningdek, Toshkentda ilk bor O‘zbekiston va Rossiya hududlararo forumini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Uchrashuvda ushbu muhim tadbirlarni amaliy mazmun bilan boyitish, buning uchun vazirlik, kompaniya va hududlar o‘rtasidagi aloqalarni faol davom ettirishga kelishib olindi.
Muloqot chog‘ida tomonlarni qiziqtirgan xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

 

O’zA