Joriy yilning 27-fevralida davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga bojxona tartib-taomillarini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Mazkur hujjat milliy qonunchiligimizni bojxona tartibotlarini soddalashtirish va uyg‘unlashtirish to‘g‘risidagi xalqaro Kioto konvensiyasi, Jahon savdo tashkilotining Bojxona tartibotlarini soddalashtirish to‘g‘risidagi bitimi va Jahon bojxona tashkiloti qoidalariga uyg‘unlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.

– Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 40 ta moddasiga o‘zgartirish va 5 ta yangi modda kiritildi, – deydi Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Nurbek Salomov. – Xususan, tovarning bojxona qiymatini aniqlash tartibotlari Jahon savdo tashkilotining Tariflar va savdo bo‘yicha Bosh bitimida belgilangan qoidalarga to‘liq muvofiqlashtirildi. Mazkur qonun bilan tadbirkorlarimiz uchun ko‘plab qulayliklar yaratilmoqda. Jumladan, tovarlar chiqarib yuborilguniga qadar tayinlangan bojxona ekspertizasining natijalari olinguniga qadar, tovarlarni shartli chiqarib yuborish imkoniyati yaratilmoqda. Shuningdek, bojxona to‘lovlarini to‘lash bo‘yicha qarzdorlik bazaviy hisoblash miqdorining yigirma foizidan oshmasa, u shakllanmasligi belgilandi. O‘z brendlariga ega bo‘lgan milliy ishlab chiqaruvchilarimizning tovarlarini eksport qilishda ularning huquqlarini himoya qilish imkoniyati yaratildi.

Ya’ni, bojxona idoralari endilikda tadbirkorning intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlari buzilganligini aniqlagan taqdirda tovarlarni chiqarib yuborishni to‘xtatib turish vakolati va tartibi belgilanmoqda.

Bu amaliyot tovarlar eksportini amalga oshiruvchi milliy ishlab chiqaruvchilarimizga o‘zi ishlab chiqargan tovarlarning kontrafakt nusxalarini xorijga eksport bo‘lishining oldini olish hamda milliy brendlarimizning xorijiy davlatlardagi nufuzini oshirish imkonini beradi. Shuningdek, tovarlarni qayta ishlashda hosil bo‘ladigan chiqindilarni erkin muomalaga chiqarish bojxona rejimiga joylashtirishda bojxona bojidan imtiyoz berilmoqda.

Transport vositasiga tovarlarni bojxona plombalari ostida tashishga ruxsat berish tartibotlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki “Litsenziya” axborot tizimi orqali amalga oshirilishi joriy etilmoqda.

Milliy avtotashuvchilarni rag‘batlantirish maqsadida ular tomonidan import tovarlarni tashishda litsenziya kartochkasini talab qilish tartibi bekor qilinmoqda.

Tadbirkorlarning bir necha bojxona operatsiyalari doirasidagi majburiyatlari bo‘yicha to‘lovlarni ta’minlash uchun yagona (bosh) ta’minot taqdim etish imkoniyati yaratilmoqda. Jismoniy shaxs tomonidan alohida kuzatib boriladigan bagajda bojxona chegarasidan olib o‘tiladigan notijorat maqsadlardagi tovarlar uchun endilikda soddalashtirilgan tartibda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish belgilanmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda ushbu qonun iqtisodiyotda teng raqobat uchun shart-sharoitlar yaratishga va chet el investitsiyalarini keng jalb etishga xizmat qiladi. Qonun rasmiy e’lon qilingandan so‘ng 3 oy o‘tgach, ya’ni 2024-yilning 28-may sanasidan kuchga kiradi.

 Shahnoza Mamaturopova,O‘zA