Yo‘llar xalqimizni obod manzillar sari eltuvchi, aholining og‘irini yengil qiluvchi jamoatchilikning eng serqatnov makonidir.

Joriy yil 29-yanvar kuni Prezident huzurida o‘tkazilgan uy-joy, qurilish, kommunal xo‘jaligi, transport va ekologiya yo‘nalishlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida avtomobil yo‘llari tizimida eskicha yondashuvlarga barham berish zarurligi ta’kidlangan, mavjud muammolar tanqid ostiga olingan.

Xususan, yo‘l qurilishidagi aksariyat standart va me’yorlar bugungi kun talabiga javob bermasligi, yo‘l qurilishi loyihalariga maxsus sertifikatga ega muhandis-konsultantlar yetarli darajada jalb qilinmagani, yo‘l obyektlarini loyihalashtirish ishlaridan boshlab, qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish, foydalanishga topshirish  va ekspluatatsiya qilishgacha bo‘lgan jarayonda ajratilgan resurslardan to‘g‘ri  va samarali foydalanish tizimi yaratilmagani, yo‘llarni qurish va ekspluatatsiyaga berish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida loyihalar amalga oshirilmayotgani, transport vositalarining vazn va hajm parametrlarini nazorat qiluvchi tarozilarni o‘rnatish ishlari qoniqarsiz ekani qayd etilgan.

Xo‘sh, yo‘l qurilishi sohasida bugungi kunda nima ishlar qilinyapti?  

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, so‘nggi 6-yilda mamlakatimizda yo‘llar qurish va ta’mirlashga ajratilayotgan mablag‘lar 3 karra oshgan. Qo‘mita tarkibidagi korxonalarga 2 mingdan ziyod maxsus texnika xarid qilingan. Bular orqali 65 ming kilometr yo‘l qurilgan va ta’mirlangan. 3 mingga yaqin mahalla yo‘llariga ilk bor asfalt yotqizilgan, yana 2 mingta mahalladagi tuproq yo‘llar shag‘al qoplamaga o‘tkazilgan. O‘tgan 2023-yilda jami 12 trillion 942 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirilgan va 19 ming 191 km avtomobil yo‘llari rekonstruksiya qilinib ta’mirlangan.

Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 1 trillion 804 milliard so‘mlik ishlar bajarilgan va 314 km avtomobil yo‘llari foydalanishga topshirilgan. “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida 814 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 1 ming 828 km ichki yo‘llar to‘liq ta’mirlangan. “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 163,5 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 39 km ichki yo‘llar qurilgan.

Avtomobil yo‘llarida harakatlanayotgan har bir avtotransport vositasi hamda piyodalarning xavfsizligini ta’minlashda yo‘l belgilarining o‘rni bo‘lakcha. Mavjud qonunchilikka muvofiq, 2023-2025-yillar davomida avtomobil yo‘llariga 50 ming dona yo‘l belgisini o‘rnatish, haydovchilarni ogohlantirish uchun tebranish gorizontal chiziqlarini joriy etish rejalashtirilgan.

Ayni vaqtlarda mahalliy ahamiyatga molik 4K279 “Shahrisabz sh.—Zangi q.—Chorshanbi q.—Tezg‘uzor q.” avtomobil yo‘lining 38—39 km oralig‘ida piyodalar yo‘lakchasining asos qismini qurish ishlari olib borilmoqda.

Farg‘ona viloyati Furqat tumanidagi A376 “Qo‘qon shahri – Jizzax” avtomobil yo‘lining 14-kilometr qismida hamda Toshloq tumani YFDM ga qarashli “Marg‘ilon aylanma avtoyo‘li”ning 9—9-kilometr qismida transport vositalari vaznini o‘lchovchi ko‘chma tarozi ish holatiga keltirilib, o‘lchov ishlari olib borilmoqda. Viloyatda yo‘llarning sifatini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida yo‘l tarozilaridan foydalanish amaliyoti keng joriy etilmoqda. Xuddi shu kabi ko‘chma tarozilar Sirdaryo viloyati Oqoltin tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tasarrufidagi xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan M-39 “Toshkent —Termiz” avtomobil yo‘lining 918+200 kilometrida ham ishlab turibdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanidagi 4r160  “Urganch—Mang‘it—Turkmaniston Respubikasi chegarasi” avtomobil yo‘lining 65—66-kilometr qismidagi eski asfalt qoplamasi freza yordamida olib tashlanib, o‘rniga yangi asfalt qoplamasini bosish ishlari olib borilmoqda. Qurilish ishlari uchun mazkur avtomobil yo‘liga 211 tonna asfalt olib kelingan.

M37 “Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi” xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo‘lining 276—277-kilometri oralig‘ida Buxoro “Yo‘llardan muntazam foydalanish” davlat muassasasi tomonidan joriy ta’mirlash ishlari bajarilmoqda. Asfalt yotqizilib, katok yordamida zichlash ishlari boshlab yuborilgan.

Qayd etilishicha, joriy yilda yo‘llar sifatini yaxshilash uchun ajratilayotgan mablag‘lardan samarali foydalanish, jumladan tannarxni pasaytirish va optimallashtirish, qimmatlashuvning oldini olish ishlari olib boriladi. Yo‘l ishlari bo‘yicha texnik topshiriq shartlarini ishlab chiqishda namunaviy loyiha andozalaridan voz kechilib, har bir loyihaga alohida yondashgan holda yo‘l qoplamalari konstruksiyalariga zamonaviy materiallar va texnologiyalar qo‘llaniladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA