BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy byurosi “Teng kelajak” onlayn-platformasi ishga tushirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan onlayn videokonferensiyada Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva ishtirok etdi.

Onlayn muloqotda BMT Bosh kotibi yordamchisi, BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va MDH Mintaqaviy byurosi direktori Ivana Jivkovich, shuningdek, Taraqqiyot dasturi  bo‘limlari rahbarlari, mutaxassislari, ilmiy-ekspertlik doira vakillari ishtirok etdi.

Mazkur platforma 2020-yilda BMT Taraqqiyot dasturining  Istanbul mintaqaviy markazi tomonidan Yevropa va Markaziy Osiyodagi 19 mamlakat parlamentlari, davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlariga gender tenglik sohasida axborot va uslubiy yordam ko‘rsatish maqsadida ishga tushirilgan. Platforma ayollarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki bo‘yicha onlayn bilim markazi hisoblanadi.

Senat Raisi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi raisi T.Norboyeva bu galgi uchrashuv barcha mamlakatlar uchun nihoyatda dolzarb ekanini, boisi gender siyosati jamiyat va davlat taraqqiyotining muhim omili ekanini alohida ta’kidladi.

O‘zbekistonda bu borada xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy sohalariga faol jalb etish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, shuningdek, gender tenglik masalalarida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha mamlakatimizning xalqaro tashabbuslariga to‘xtalib o‘tildi.

Tadbir ishtirokchilari mazkur onlayn-platforma gender tenglik masalalarini hal qilish uchun turli muhokamalar tashkil etish, trening va turli tadbirlarni birgalikda o‘tkazish, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqalarida gender tenglik sohasida axborot va tajriba almashish uchun samarali platforma bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladilar.

 N.Abduraimova,  

O‘zA