Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2030-yilgacha Global kun tartibidagi Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2030-yilgacha 16 ta Barqaror rivojlanish milliy maqsadi hamda shu bilan bog‘liq 125 vazifa tasdiqlangan.

Barqaror rivojlanish maqsadlari nima uchun “hech kimni ortda qoldirmaslik” tamoyiliga asoslanadi? Kim qaysi sohada chetda qolib ketyapti?… Global miqyosda 17 barqaror rivojlanish maqsadi tasdiqlangan, O‘zbekistonda shularning 16 tasi qabul qilingan. Buning sababi nimada?

Barchaga assalomu alaykum! O‘zbekiston Milliy axborot agentligi yangi loyihaga qo‘l urdi. To‘g‘risini aytsam, jamoamiz bilan uzoq o‘yladik.

Mamlakatimizning xalqaro maydonda misqollab yig‘ayotgan mavqei, hamkor davlatlar bilan bosqichma-bosqich oqilona siyosat yuritayotgani jahon hamjamiyati e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.

O‘zbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish yo‘lidagi sa’y-xarakati to‘g‘risida keng jamoatchilikka batafsil ma’lumot berish, global muammolar, turli xavf-xatarlarga qarshi kurash bo‘yicha jahon tajribasini tahlil etib borish uchun “Maqsad” nomli yangi loyiha yo‘lga qo‘yilayotganini e’lon qilamiz.

Loyiha nomi nima uchun “Maqsad”?

Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasidagi nutqida mintaqaviy va global miqyosda tinchlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyotni ta’minlash, konstruktiv muloqotni kengaytirish, shuningdek iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi muammosini hal qilish, qashshoqlikka barham berish va kambag‘allikni qisqartirish kabi dolzarb masalalar yuzasidan qator tashabbuslarni ilgari surgan edi.

Bosh Assambleya rezolyutsiyasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi “2030-yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlari sohasida milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish”ni zimmasiga olgan.

2015-yil BMTga a’zo 193 davlat tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlari qabul qilingan. Jumladan, O‘zbekiston ham kambag‘allikni qisqartirishdan tortib, oziq-ovqat xavfsizligi-yu, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab olgan barqaror rivojlanishga oid ana shu 17 maqsadning 16 tasini amalga oshirib kelmoqda.

Loyihamiz doirasida ayni 16 maqsadning mazmun-mohiyati bilan birga “kambag‘allikni qisqartirish”, “oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish”, “sifatli ta’lim”, “iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash” kabi tasdiqlangan har bir dolzarb maqsadni amalga oshirish yo‘lidagi vazifalar, jarayonda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, mavjud muammolar xususida mahalliy va xalqaro ekspertlar bilan suhbatlar uyushtiriladi.

Birinchi maqsad – qashshoqlikka barham berish. Shuning uchun podkastimizning ilk soni ayni mavzuga bag‘ishlanadi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi vakili, Davlat statistika qo‘mitasi bo‘lim boshliqlari, Parlament komissiyasi raisi, BMT Taraqqiyot dasturi eksperti va Barqaror rivojlanish markazi mutaxassisi o‘z yo‘nalishlaridan kelib chiqib, qiziqarli ma’lumotlar, faktlar bilan o‘rtoqlashadi.

Biz bilan qoling, ekspertlar fikr-muloxazasiga munosabatingizni bildirib boring.

E’tiboringiz uchun rahmat!

Loyiha Barqaror rivojlanish markazi bilan hamkorlikda tayyorlanadi.

Behruz Xudoyberdiyev,

Asdiddin Alijonov (video), O‘zA